Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Strategiyada belgilangan faol tashqi siyosat bilan bog‘liq vazifalar muhokama qilindi
18:23 / 2023-09-20

Ayni kunlarda tashkilot va idoralarda, muassasalarda turli soha vakillari ishtirokida "O‘zbekiston — 2030" strategiyasi mazmun-mohiyatini o‘rganish, undan kelib chiqadigan vazifalarni belgilab olish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishning ustuvor vazifalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatini qo‘mita raisi Dilorom Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochar ekan, mazkur Strategiya mamlakatimiz rivoji, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim hujjat, kelgusi 7 yillik taraqqiyotimizning dasturilamali bo‘lganini ta’kidladi.    

Shuningdek, davra suhbatida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov ma’ruza qildi:  

— Joriy yilda umumxalq referendumi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingani mamlakatimiz tarixida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy huquqiy asoslari mustahkamlandi. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarni hayotimizga tatbiq etishga, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladigan hujjatdir. Zero, unda beshta muhim yo‘nalishda belgilangan vazifalarning barchasi inson qadrini yuksaltirishga, aholi farovonligi, yurt rivojini ta’minlashga xizmat qiladi, — dedi A.Saidov.    

[gallery-13646]

Tadbirda Strategiyaning “Xavfsiz va tinchliksevar davlat tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish” deb nomlangan 5-ustuvor yo‘nalishida belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, ushbu yo‘nalishdagi vazifalar mamlakatimizning ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatini izchil davom ettirish hamda mudofaa va xavfsizligini ta’minlashga zamin bo‘ladi.    

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro jarayonlardagi ishtiroki ortayotgani, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, kengayib borayotganini ta’kidladi.    

— Barchamizga ma’lumki, Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan vazmin, konstruktiv va tinchliksevar tashqi siyosat natijasida mamlakatimizning O‘rta Osiyo va jahon hamjamiyatidagi o‘rni yuksalib bormoqda, — deydi deputat Z.Akromova. — O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni barqarorlik, xavfsizlik va farovonlik mintaqasiga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari tufayli «Markaziy Osiyo» ruhi degan yangi tushuncha paydo bo‘ldi. Mintaqa nafaqat jug‘rofiy, balki investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, siyosiy, transport kommunikatsiyaviy birlik sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Bundan tashqari, yurtimizda xorijda istiqomat qilayotgan  vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molikdir. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan bu boradagi vazifalar doirasida ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlarimiz yanada kengayadi.   Uzoq va yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarimiz yanada rivojlanadi.    

Davra suhbatida «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatni izchil davom ettirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarning ijrosi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini  amalga oshirish borasidagi vazifalar belgilab olindi.    

 

Muhtarama Komilova,  

Davron Ernazarov (surat), O‘zA