Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish mamlakatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil islohotlar natijasida bugungi kunda har bir sohada ayollar ulushi ortib bormoqda. Xususan, xotin-qizlar tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilayotir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetgan.
Endilikda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar doirasida yanada yuqori bosqichda davom ettiriladi. Strategiyada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishida qator vazifalar o‘z aksini topgan. Jumladan, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda qizlarimizni o‘qitish, ularning oliy ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyat va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Natijada qizlarimiz orasida oliy ta’lim va kasb-hunarga ega bo‘lgan, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan faol yoshlar ko‘paymoqda. Shuningdek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar samarasi o‘laroq, boshqaruv lavozimlarida faoliyat olib borayotgan tashabbuskor xotin-qizlarimiz soni ortmoqda. Strategiyada belgilangan yuqoridagi maqsadning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida boshqaruv tizimida faollik ko‘rsatadigan xotin-qizlar safi yanada kengayadi.
Bundan tashqari, Strategiyada jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vazifasi ham belgilab qo‘yilgan.
Qayd etish joiz, yurtimizda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, bu borada tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning 7 oyida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 21 ming 871 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 18 ming 526 tasi yoki 84,7 foizi oilalarda sodir etilgan. Himoya orderi berish natijasida 9 ming 362 ta oilani tiklashga, 11 ming 350 ta oilada nizolarni bartaraf etishga erishilgan. Rasmiylashtirilgan 5 ming 495 ta himoya orderlari bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklangan.
Amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, sodir etilayotgan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishni, tegishli davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi maqsad-vazifalar yurtimiz ayollarini, qizlarimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA