French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Strategiya va Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlandi
20:41 / 2024-09-25

Termizda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi qator tashkilotlar hamkorligida Surxondaryo viloyatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va 2024 yilgi Davlat dasturi ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringini tashkil etish, shuningdek, ularning maqsad va vazifalarini aholiga yetkazishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan muhokamada senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, viloyat hokimligi rahbariyati, mahalliy Kengashlar deputatlari, viloyatdagi tegishli idora va tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, “zoom” platformasi orqali shahar va tumanlar hokimliklari mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari ishtirokchilarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2024 yilgi Davlat dasturining maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarining mazmun-mohiyati bilan atroflicha tanishtirdi.

Qayd etildiki, Strategiyada Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilgan. Uning ustuvor yo‘nalishlarida odamlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, sog‘lom va bilimli avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi va xavfsizlikni kafolatlash kabi ko‘plab ezgu maqsadlar o‘z ifodasini topgan. Strategiya va Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishi hamda ko‘zlangan maqsadlarga erishishda jamoatchilik nazorati muhim o‘rin tutadi. Bu jarayon mazkur hujjatlarning ijrosiga mutasaddi tashkilot va muassasalar, davlat hokimiyati boshqaruv idoralari, shahar va tumanlar hokimliklarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Shunga muvofiq tadbir ishtirokchilari hududiy dasturlarda belgilangan vazifalar va ularning bajarilishi holati hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini qizg‘in muhokama etdi. Bu ishlarni yanada samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.  

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari “uzbekistan2030.uz” onlayn portali taqdimotini o‘tkazib, uning asosiy vazifa va imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Strategiya va Davlat dasturi ijrosini o‘rganish maqsadida o‘tkazilayotgan so‘rovnomada faol ishtirok etishga chaqirdi.

Tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari uch kun qator tashkilot va muassasalarda, mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning viloyatdagi ijrosini o‘rganadi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri