“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsad-vazifalar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida tadbir va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi tomonidan Olmazor tumanidagi “Cho‘lpon” kutubxonasida o‘tkazilgan tadbir ham ayni maqsadga qaratildi.
Xususan, “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida oilalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

— “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, oilalarni mustahkamlash, notinch oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini yanada takomillashtirish borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish oldimizda turgan muhim vazifalardan, — dedi Qonunchilik palatasi deputati M.Hasanova. — Yurtimizda oila institutini yanada rivojlantirish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, xotin-qizlar faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu borada qonunchilikda ham qator yangiliklar qilinyapti. Jumladan, 2023 yil 31 oktyabrda Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun oilani, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash hamda oila qurishda kuzatilayotgan illatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Davra suhbatida erta turmush va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh, oilaviy ajrimlar sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Ko‘p yillik hayotiy tajribaga ega nuroniy otaxon va onaxonlar yoshlarga oilaviy hayot, oilani muqaddas sanash, oiladagi o‘zaro munosabatlar, farzand tarbiyasi haqida maslahatlar berdi. O‘zlarining hayot yo‘llari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
M.Komilova, O‘zA