FOTOREPORTAJ
Andijonda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining viloyat bo‘linmasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida milliy-madaniy markazlarning o‘rni va roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, ijtimoiy dasturlar hajmini oshirish borasida belgilangan vazifalar xususida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, Andijonda hozirda 600 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, beshta milliy-madaniy markazlar millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-24485]
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda milliy-madaniy markazlarning ham o‘rni bor, - deydi Andijon viloyati uyg‘ur milliy-madaniy markazi raisi Adolat Rahmonova. – Biz milliy qadriyatlarimizni saqlash, yoshlarga ma’naviy tarbiya berish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida astoydil faoliyat yuritamiz. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash biz uchun katta imkoniyat va mas’uliyatdir.
Qayd etilishicha, joriy yilda 10 ta ijtimoiy loyiha uchun 1,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan, milliy-madaniy markazlarga esa 2023–2025 yillarda umumiy 400 million so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari berilgan.
Davra suhbatida milliy-madaniy markazlarning jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy muammolarni davlat organlariga yetkazish, jamoatchilik faolligini oshirishdagi muhim roliga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA