Bugun “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining navbatdagi Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya hamda partiya fraksiyasining 2023 yil 9 oylik faoliyati yakunlari, partiya faoliyatini raqamlashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Plenumda dastlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati va uning ijrosini ta’minlashda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining o‘rni haqida so‘z bordi.

Qayd etilganidek, beshta yo‘nalish va yuzta asosiy maqsadni birlashtirgan ushbu dasturilamal hujjatda muhim maqsad-vazifalar o‘z aksini topgan. Jumladan, ta’lim tizimi islohotlariga birlamchi e’tibor qaratilgan. Ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat insonni kamolotga eltuvchi, unga najot, kuch beruvchi buyuk ne’mat ekani, ayniqsa, bugungi tezkor va shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, partiya vakillari hamda barcha darajadagi deputatlik korpusi joylarda Strategiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, bu borada parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Plenumda o‘tgan davrdagi faoliyat sarhisob qilinar ekan, partiya fraksiyasi a’zolari 4 ta qonun loyihasiga tashabbuskor bo‘lgani, fraksiya taklifi bilan ta’lim tizimidagi mavjud muammo va kamchiliklarni hal etish, sohadagi islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Hukumat soati, parlament eshituvlari amalga oshirilgani ta’kidlandi. Fraksiya a’zolari tomonidan saylovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarga 12 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Hisobot davrida partiyaning “Deputat bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida aholidan kelib tushgan murojaatlarning 4 ming 320 tasi ijobiy hal etildi. “Xizmat-beminnat” loyihasi bo‘yicha 821 o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 1 ming 573 nafar xotin-qizlar bepul kasb-hunarga yo‘naltirildi. Shuningdek, 1 ming 164 nafar yoshlar bepul o‘quv kurslariga jalb etildi. “Uyma-uy” loyihasi doirasida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish natijasida 1 ming 130 nafar xotin-qizlar, 412 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi.
Plenumda hisobot davridagi faoliyat tanqidiy tahlil etilib, galdagi vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, Strategiya ijrosini ta’minlashda yanada faol ishtirok etish lozimligi ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA