“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aholining o‘rtacha umr davomiyligini oshirish, birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish va sog‘liqni saqlash sohasining boshqa qator yo‘nalishlarida aniq vazifalar belgilab berilgan.
Bundan besh-olti yil avval ham Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimi haminqadar rivojlangan voha edi. Keyingi yillarda sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor viloyatni zamonaviy tibbiyot yuksalayotgan hududga aylantirmoqda. Bu jarayonda aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, umr davomiyligini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Yangi tibbiyot maskanlari qurilib, mavjudlari tubdan rekonstruksiya qilinayotir. Xorijning zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanib, aholi salomatligini saqlash uchun barcha sharoit yaratilmoqda.


Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda vohada o‘nta oilaviy shifokorlik va oilaviy poliklinikada ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan 10 ta birlamchi tibbiyot muassasasi tubdan ta’mirlandi. Buning uchun 15 milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlari 3,1 milliard so‘mlik 117 ta stomatologik apparat, 4 turdagi tibbiy jihoz bilan ta’minlandi. O‘tgan yili 94 ta oilaviy poliklinikaga doplerli UZI va EKG apparatlari berilgan bo‘lsa, bu yil 96 ta oilaviy poliklinika fizioterapevtik apparatura bilan jihozlandi. Mavjud ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning barchasiga qiymati 1 milliard 267 million so‘mlik ayollar o‘rtasida bachadon bo‘yni saratoni kasalligini erta bosqichda aniqlash va davolash imkoniyatiga ega kolposkopiya apparati yetkazib berildi. Tibbiyot muassasalariga 25 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga angiograf, artroskop, raqamli rentgen, diagnostika apparati, fizioterapevtik, laboratoriya jihozlari yetkazib berildi.


Sohada yuz berayotgan bu o‘zgarishlar viloyatning olis va chekka hududlarida ham aholiga tezkor, sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga keng imkoniyat yaratdi. Joylarda kasalliklarni barvaqt aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini keng joriy etishga qulay muhit yaratdi. Shuningdek, aholi o‘rtasida patronaj tizimini yaxshilash, uyda yotib qolgan bemorlar holidan o‘z vaqtida xabar olishga qulaylik yaratish uchun patronaj hamshiralar “Skuter”, planshet bilan ta’minlanmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tizimni takomillashtirish, surunkali kasalligi mavjud bemorlarni sog‘lomlashtirishda muhim omil bo‘layotir. Tajribali shifokorlarning tez-tez birlamchi bo‘g‘inlarda bo‘lib, aholi uchun tibbiy ko‘riklar o‘tkazayotgani yuzaga kelayotgan kasalliklarni barvaqt aniqlab, davolashga xizmat qilayotir. Bunga Oltinsoy tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 62-oilaviy poliklinikada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik ham yaqqol misol bo‘ladi.


Tibbiyot maskani tumanning Shakarqamish, Olmazor, Yakkatut mahallalarida yashayotgan 10 ming 532 kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Oilaviy poliklinika so‘nggi yillarda aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarga ega bo‘ldi. Xizmat sifati va samaradorligi oshdi.
– Xalqimizning salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan yuksak e’tibor qishloq odamlarining tani sihatligini va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – deydi oilaviy poliklinika mudiri Mengali Qoraboyev. – Jumladan, ushbu tibbiy ko‘rikka ham puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Hududlarga biriktirilgan 13 nafar patronaj hamshira xonadonlarda bo‘lib, xatlov va antropometriya tadbirlarini amalga oshirish jarayonida aholini tibbiy ko‘rikka taklif etdi. Natijada mingga yaqin kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tib, o‘z sog‘ligi haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi.
Tadbirda viloyatdan kelgan malakali mutaxassislar tuman tibbiyot birlashmasining urolog, kardiolog, travmatolog, terapevt, oftalmolog, endokrinolog, ginekolog, xirurg, psixiatr, pediatr, nevropatolog, pulmonolog yo‘nalishlaridagi shifokorlari hamkorligida aholini zarur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Mobil oftalmologiya va mammografiya, rentgen tekshiruvlari tashkil etildi. Ko‘rik chog‘ida ikki yuzdan ortiq aholida turli xil kasalliklar aniqlanib, ularga zarur ambulator va statsionar muolajalar tavsiya qilindi.

– Keyingi paytlarda oyoq og‘rig‘i bezovta qilayotgan edi, – deydi Yakkatut mahallasida yashovchi 75 yoshli Fotima Pardayeva. – Bugun revmatolog shifokor qabulida bo‘ldim. Tekshiruvdan o‘tganimdan so‘ng muolaja uchun kerakli maslahatlar berildi. Avvallari ozgina isitmamiz chiqsa ham tuman markaziga borar edik. Endi o‘zimizning oilaviy poliklinikada statsionar tartibda davolanyapmiz. Jonkuyar shifokorlar xizmatidan rozimiz. Bunday g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.
Tibbiy ko‘rik doirasida sog‘lom turmush tarziga amal qilish keng targ‘ib qilindi. Shuningdek, soha mutaxassislari qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta tug‘ruqning asoratlari, tug‘ruqlar orasidagi muddat, tug‘ruq uchun eng maqbul yosh, ona sutining ahamiyati haqida suhbatlar o‘tkazdi. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan muhim g‘oyalarning amaldagi samarasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri