Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi yangicha yondashuvlar asosida tashkil etiladi
15:59 / 2026-01-07

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Strategik rejalashtirishni tashkil etish, strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va amalga oshirilishini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Strategik rejalashtirish hujjatlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini monitoring qilish Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi. Bunda: 

a) maqsadli ko‘rsatkichlarga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan har bir samaradorlik ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha haqiqiy ma’lumotlar, natijalar va tasdiqlovchi hujjatlar doimiy ravishda kiritib boriladi; 

b) milliy darajadagi keng qamrovli strategik rejalashtirish hujjatlarining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha davlat organlari reytingi tuziladi va Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan Davlat organlari faolligining milliy reytingini shakllantirishda inobatga olinadi; 

v) soha, tarmoq, hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlarni (chora-tadbirlar, "yo‘l xaritalari", rejalar va boshqalar) nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi mablag‘ ajratilishini talab qiladigan masalalar vazirlik va idoralar tomonidan Raqamli platformaning tegishli modulidagi ma’lumotlarga bog‘lash orqali asoslantiriladi; 

g) Raqamli platformada soha, tarmoq, hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi mablag‘ ajratilishini talab qiladigan masalalar asoslantirilmagan loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kelishilmaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan hududlarni rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va jamoatchilik vakillari ishtirokini ta’minlagan holda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida tuzilgan "Islohotlar shtablari" bilan yaqin hamkorlikda quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi: 

a) har bir hududning tabiiy, iqtisodiy va inson resurslariga ko‘ra ixtisoslashuvini belgilash; 

b) har bir hudud uchun ishonchli va to‘liq ma’lumotlar asosida soha va tarmoqlar kesimida rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish; 

v) iqtisodiy nomutanosibliklarni kamaytirish, bunda og‘ir toifadagi tuman va shaharlar uchun alohida soliq, moliyaviy va infratuzilmaviy imkoniyatlar yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

g) hududlararo hamkorlik va kooperatsiyani rivojlantirish, yirik shaharlar va atrofidagi hududlar o‘rtasida iqtisodiy va infratuzilmaviy aloqalarni kuchaytirish; 

d) hududlarda boshqaruvni to‘liq raqamlashtirish, shu jumladan, geoaxborot tizimlari (GIS), ochiq ma’lumotlar platformalari va interaktiv onlayn kuzatuv vositalarini joriy qilish.

O‘zA