Latviya 2006 yildan buyon strategik rejalashtirish sohasida samarali tizimni shakllantirgan hamda bu borada yagona yondashuvni joriy etgan davlatlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonning davlat va nodavlat tashkilotlaridan 13 nafar mutaxassis Latviya Respublikasida tashkil etilgan o‘quv seminarida ishtirok etdi.
Belgilangan talablar asosida saralab olingan ishtirokchilar “O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimida salohiyatni oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida shu kungacha amalga oshirilgan strategik rejalashtirish bo‘yicha yettita o‘quv modulini yakunladi.
Ushbu o‘quv seminar Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida Latviyaning Markaziy moliya va shartnomalar agentligi (CFCA) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov hamda Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Raqamli texnologiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Energetika vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor strategik rejalashtirish sohasida institutsional salohiyatni kuchaytirishga qaratildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
Seminar davomida ishtirokchilar strategik rejalashtirishning tashkil etilishi, strategik dasturlarni moliyalashtirish tizimi, samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash va baholashdagi yondashuvlar, mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati ishtiroki va boshqa dolzarb masalalarda Latviyaning tajriba va yutuqlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganilgan tajriba asosida joriy strategiyalarni yanada samarali amalga oshirish, hisobot mexanizmlarini takomillashtirish va ularni dasturiy byudjetlashtirish tizimi bilan integratsiya qilishda keng foydalanish ko‘zda tutilgan.
Bir haftalik o‘quv jarayonlarida o‘zlashtirilgan bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlanib, tadbir yakuni bo‘yicha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA