Munosabat
Davlatimiz rahbarining qator yirik xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilingan maqolasida O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining rivojlanish tendensiyasi, SHHTning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni, shuningdek mamlakatimizning tuzilma doirasidagi faoliyatiga oid strategik tahlil aks etgan.
Maqolada O‘zbekiston va Xitoy munosabati barqaror rivojlanib borishi jarayonida SHHT muhim ko‘p tomonlama platforma ekani, xususan Markaziy Osiyo barqaror rivojlanib, muvozanatli sheriklik namunasi hamda modeliga aylanib borayotgani haqidagi baho muhim ahamiyatga ega. Muallif o‘zaro aloqalar barcha sohalarni qamrab olayotgani, ayni jaryonda XXR yetakchisining alohida o‘rni borligi ta’kidlangan.
Istiqbolga qaratilgan strategik va ixcham g‘oyalar
Fikrimizcha, Prezidentimiz SHHT faoliyatiga oid bildirgan yangi fikr va g‘oyalar juda muhim.
Masalan, Yevrosiyo makonida a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar tabiiy bo‘g‘inga aylandi. Bugungi kunda tuzilmani mustahkamlashga hissa qo‘shish O‘zbekistoning muhim vazifalaridan biridir. Zero, SHHT mavjud xalqaro tuzilmalarga qarshi kurashni emas, balki zamonaviy dunyo muammolariga javob beradigan hayotiy muqobil yo‘l – o‘zaro hurmat, muloqot va birgalikda rivojlanishni tanlagan.
Tashkilot doirasidagi faol hamkorlikni rivojlantirish orqali yurtimiz pragmatizm, milliy xususiyatlarni hurmat qilish va barqaror rivojlanishga intilishga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Global muammolar tobora dolzarblashayotgan sharoitda SHHT tenglik va o‘zaro manfaatga asoslangan hamkorlik modeli taklifini ilgari suryapti. Tuzilma sivilizatsiyalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga mutlaqo qarshi.
Umuman, ushbu maqolada ko‘tarilgan masalalar, mavjud muammolarni yechish bo‘yicha takliflar, tashkilotning bugungi holati va istiqboliga doir fikr, g‘oyalar diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga hamohang.
2017 yildan keyin uch barobar oshgan O‘zbekiston va Xitoy tovar aylanmasi 14 milliard dollarga yetib, yaqin kelajakda 20 milliard dollarga ko‘tarilishi kutilyapti. SHHT doirasida transport va logistika aloqasi rivojlanib, iqtisodiyotni raqamlashtirish va yashil tashabbuslarni faol ravishda ilgari surish jadallashgan. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi Xitoy – Markaziy Osiyo – G‘arbiy Osiyo iqtisodiy yo‘lagini kengaytiradi, transport imkoniyatini tubdan yaxshilaydi va ishtirokchi mamlakatlar tranzit salohiyatini mustahkamlaydi.
Madaniy hamkorlik faol rivojlanmoqda: Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlari xitoy tili va madaniyatini o‘rganishga ko‘maklashmoqda, 2025 yil iyun oyida joriy etilgan vizasiz rejim xalqlarimizni yanada jipslashtirib, biznes va sayyohlik almashinuvini rag‘batlantirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev gumanitar va madaniy hamkorlik muhimligini yana bir qayd etib, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv, madaniy va sport tadbirlari o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u bergan. Shuningdek, turizmga alohida e’tibor qaratilayotgani, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida havo qatnovi soni muntazam oshib borishi sayyohlik almashinuvi va iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirayotganini ta’kidlagan.
Sayfiddin Jo‘rayev,
TDSHU Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori,
Mirabbos Mirg‘iyosov,
ilmiy tadqiqotchi
O‘zA