Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Strategik hujjat asosidagi islohotlar O‘zbekistonning yangi qiyofasiga zamin bo‘ldi
11:21 / 2021-10-06

So‘nggi yillarda mamlakatimizda har bir soha va yo‘nalishlarda tub o‘zgarish va yangilanishlar amalga oshirilib, ulkan natijalar qayd etilmoqda.

Bu boradagi sa’y-harakatlar zamirida esa “2017-2021 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda unda belgilab olingan maqsad-vazifalar mujassam.

Avval xabar berilganidek, “Harakatlar strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Adliya vazirligi hamkorligida tashkil qilingan “O‘zbekiston: besh yil ichidagi jadal islohotlar” mavzusidagi xalqaro anjumanda Harakatlar strategiyasi asosida qo‘lga kiritilgan yuksak natijalar sarhisob qilindi, xalqaro tashkilot va tuzilmalar vakillari, ekspertlarning xulosalari tinglandi.

Anjumanni ochgan adliya vaziri Ruslanbek Davletov Harakatlar strategiyasi davlatimizda siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha strategik hujjatga aylanganini ta’kidladi. Jumladan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish kabi ustuvor yo‘nalishlarda belgilangan maqsad-vazifalar asosida misli ko‘rilmagan natijalarga erishilganini alohida e’tirof etdi.

Anjumanda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev so‘zga chiqib, parlament faoliyatidagi islohotlar xususida to‘xtaldi:

– Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar natijasida milliy parlamentimizning davlat va jamiyat ishlarini yuritishdagi roli kuchaytirildi, xalq vakillarining jamiyatdagi ishtiroki ortib bormoqda. Hukumat soati instituti joriy etildi, Oliy Majlis palatalari muntazam ravishda sog‘liqni saqlash vaziri, tashqi ishlar vaziri, ichki ishlar vaziri, adliya vaziri va hukumatning boshqa a’zolarining hisobotlarini tinglashadi. Hukumatning davlat dasturi amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini har yil choragida eshitish amaliyoti joriy qilindi. Eng muhim islohotlardan yana biri – davlat byudjeti loyihasi avvallari 1-2 soat davomida formal ko‘rinishda muhokama qilinib, tasdiqlangan bo‘lsa, endilikda oylar davomida ko‘rib chiqilyapti, deputatlar unga o‘z takliflarini bildirmoqda. Shuningdek, qonunlarni qabul qilish jarayoni deputatlar bilan chegaralanib qolmayapti. Qo‘mitalar qoshida turli yo‘nalishdagi komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ekspertlar jalb qilingan. Qolaversa, loyihalar jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, fikr va takliflar olinmoqda. Bundan tashqari, parlamentning mahalliy Kengashlar bilan ishlash tizimi ham tubdan o‘zgardi. Milliy parlamentimizning xalqaro munosabatlardagi ishtiroki ham jadallashdi.

Anjumanda BMT bosh kotibi o‘rinbosari Melisse Flemingning videomurojaati tinglandi. Shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili v.v.b Yu Yu so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov va boshqalar o‘z yo‘nalishida so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar xususida fakt va raqamlar asosida fikr-mulohazalarini bildirdi. Masalan, birgina sud-huquq tizimidagi islohotlar samarasida jami sudlar soni 2004-2016 yillardagi 323 tadan 2017-2020 yillarda 401 taga yetkazildi. Sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash tizimi takomillashtirildi, sudyalar uchun lavozimda bo‘lishning eng yuqori yoshi – Oliy sud sudyalari uchun 70 yosh, boshqa sudlarda 65 yosh etib belgilandi. Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi, mazkur kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi. Fuqarolarning huquqlari va tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish uchun davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari (yoki harakatsizligi) ishlarini ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlar tuzildi.

Harakatlar strategiyasining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish” yo‘nalishi doirasidagi islohotlar xususida so‘z borar ekan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov 2017-2020 yillarda respublikaning tashqi savdo aylanmasi 1,4 barobarga o‘sgani, inflyatsiya darajasi 18,8% dan 11,1% gacha pasaygani, ko‘pchilik soliqlar stavkalari kamaygani, aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar kuchaytirilganini ta’kidladi. Masalan, aholiga kredit berish 2017 yil boshidan buyog‘iga 4-4,3 baravarga oshgan.

Xalqaro anjuman o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Jumladan, “Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlar ko‘lami”, “O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning zamonaviy rivojlanishi: natijalar va istiqbol” hamda “Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda tashqi siyosatni ta’minlashda yangicha yondashuv natijalari” kabi yo‘nalishlarda islohotlar samaralari sarhisob va muhokama etildi.

Masalan, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga bag‘ishlangan seksiyada O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Yelena Ten, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Amrillo Inoyatov va boshqalar tizimlardagi natijalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, xalq ta’limi tizimidagi islohotlar natijasida 2017-2020 yillarda 328 ta yangi maktab barpo etildi va 11-yillik majburiy maktab ta’limi tiklandi.

Maktabgacha ta’lim tizimida 2016 yilda 5,2 ming bolalar bog‘chasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2020 yilda ular soni 18,3 mingga yetdi. Bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi darajasi 2016 yildagi 27,7 foizdan 2020 yilda 61 foizga yetdi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilgan faol ishlar natijasida qambag‘allik darajasi 2000 yildagi 28 foizdan 2020 yilda 11 foizgacha qisqardi.

Xalqaro muloqot platformasiga aylangan anjuman Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarning natijalari bilan tanishish va ularni sarhisob qilish barobarida mamlakatdagi islohotlarni davom ettirish uchun chora-tadbirlarni ishlab chiqish, kelgusidagi vazifalarni belgilab olish imkonini berdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA