Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Strategik ahamiyatga ega muhim hujjat
16:58 / 2026-02-24

Maktabgacha ta’lim tizimi har qanday jamiyat taraqqiyotining asosiy poydevori hisoblanadi. Chunki inson shaxsi aynan shu bosqichda shakllanadi, uning bilimga intilishi, Vatanga muhabbati va milliy qadriyatlarga munosabati ilk bor aynan shu muhitda qaror topadi. Shu ma’noda, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar strategik ahamiyatga ega muhim hujjat sifatida baholanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilandi. Bu qaror bolalarni maktabga tizimli va yagona yondashuv asosida tayyorlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkam shakllantirishga xizmat qiladi. 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab ushbu guruhlarda ta’lim oliy ma’lumotli pedagoglar tomonidan olib borilishi va bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat taqdim etilishi tizim shaffofligi va mas’uliyatini yanada oshiradi. Shuningdek, nodavlat ta’lim tashkilotlariga maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish huquqining berilishi raqobat muhitini kuchaytirib, ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilashga zamin yaratadi.

Zamonaviy pedagogik yondashuvlardan biri sifatida o‘yinga asoslangan ta’lim joriy etilmoqda. Bu usul bolaning tabiiy rivojlanish ehtiyojlariga to‘liq javob beradi. O‘yin orqali bolada mustaqil fikrlash, ijodkorlik va jamoada ishlash ko‘nikmalari shakllanadi. Shu bilan birga, milliy g‘urur, Vatanga muhabbat kabi ma’naviy fazilatlar ham mustahkamlanadi. Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarida tashkil etiladigan tematik o‘yingohlar — fan va matematika, ijod va san’at, robototexnika va ilk algoritmlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha erta rivojlanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa maktabgacha ta’lim mazmunini zamon talablariga mos ravishda boyitishga xizmat qiladi.

2026–2028-yillarda hududlarda tashkil etiladigan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim muassasalari tizimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Ushbu muassasalar ilg‘or xorijiy tajribalar asosida faoliyat yuritib, o‘z tarkibida innovatsion rivojlantirish markazlarini mujassam etadi. Rahbar va pedagog kadrlar tanlov asosida saralab olinadi, xodimlar uchun 20 foiz qo‘shimcha ustama joriy etiladi. Bu esa sohada raqobatbardosh, tashabbuskor va yuqori malakali kadrlarni jalb etish, pedagoglarning mehnatga rag‘batini oshirishga xizmat qiladi.

Farmonda pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim dasturlari xalqaro ilg‘or tajribalar asosida takomillashtiriladi, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim shaklida bakalavr tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu, ayniqsa, hududlarda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shimcha imtiyozlar berilmoqda. Masalan, 30 yillik ijara to‘lovidan ozod qilish, har bir bola uchun davlat subsidiyalari ajratish va 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar taqdim etish tadbirkorlarni sohaga faol jalb etishga yordam beradi. Bu mexanizm qisqa muddatda infratuzilmani kengaytirish va hududlar bo‘yicha qamrovni oshirishga imkon yaratadi.

Umuman olganda, qabul qilingan farmon maktabgacha ta’lim tizimini mazmunan va sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks islohotlar dasturidir. Unda ta’lim mazmuni, kadrlar siyosati, infratuzilma va moliyaviy mexanizmlar uyg‘unlashgan holda ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, bu islohotlar markazida bola manfaati turibdi. Chunki maktabgacha ta’limga kiritilgan har bir sarmoya — bu mamlakatning ertangi kuniga, intellektual salohiyatiga va barqaror taraqqiyotiga kiritilgan sarmoyadir.

Mahmud Mamarasulov,

Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi

boshqarmasi boshlig‘ining Maktabgacha ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari