Bolgariyaning Sofiya shahrida 77-marotaba o‘tkazilayotgan an’anaviy "Strandja" xalqaro turnirida dunyoning 35 ta davlatidan kelgan 400 nafarga yaqin bokschilar ishtirok etmoqda.
Mazkur musobaqaning navbatdagi kunida O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasining 10 nafar a’zosi ringga ko‘tarildi. Jumladan, ayollar o‘rtasida vazni 51 kg.gacha bo‘lgan Feruza Kazakova 4:1 Jeniffer Lozanoni (AQSH) taslim etgan bo‘lsa, afsuski, Gulsevar Ganiyeva, Uzukjamol Yunusova, Oysha Toirova o‘z vazn toifalarida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda Samandar Olimov germaniyalik Ali El Sarini, Akmaljon Isroilov irlandiyalik Natan Ojoni, Abdulloh Madaminov qozog‘istonlik Abdigalim Abdikarimni, Norbek Abdullayev ruminiyalik Matei Nastasiusni, To‘rabek Xabibullayev angliyalik Teagn Stottni va Samir Sobirov germaniyalik Vitaliy Valterni taslim etib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Darvoqe, 55 kg.gacha vazndagi bokschimiz Abdulaziz Abdunazarov kutilmaganda Baglan Kenjibekga (Qozog‘iston) 0:5 hisobida taslim bo‘ldi.

Bugun, 25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan bellashuvlarda quyidagi charm qo‘lqop ustalarimiz bahslarga kiradi:
51 kg: Feruza Kazakova – Jazira Urakbayeva (Qozog‘iston),
57 kg: Xumorabonu Mamajonova – Jusiyelen Romeu Serkeira (Braziliya),
57 kg: Nigina Uktamova – Eliz Glinn (Angliya),
60 kg: Sitora Turdibekova – Mushtariybonu Ibrohimjonova (O‘zbekiston),
65 kg: Navbahor Hamidova – Arujan Jangabayeva (Qozog‘iston),
90+ kg: Ozodbek Aliyev – Dovlet Islamov (Turkmaniston),
80 kg: Javohir Ummataliyev – Kaua Belini dos Santos (Braziliya),
90+ kg: Arman Maxanov (O‘zbekiston) – Tomas Damar (Angliya).
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA