Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Stol tennisi: Toshkentda "Olimpiya birdamligi" loyihasi doirasida seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda
09:27 / 2025-04-04

Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha Xalqaro olimpiya qo‘mitasining "Olimpiya birdamligi" loyihasi doirasida murabbiylar uchun o‘quv-seminar mashg‘ulotlari boshlandi.

O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilayotgan seminar mashg‘ulotlarini Xalqaro stol tennisi federatsiyasining Rivojlanish dasturiga rahbarlik qilgan, o‘z davrida Iordaniya va O‘mon terma jamoalarida murabbiy bo‘lib ishlagan, ayni paytda Qatar terma jamoasini nufuzli musobaqalarga tayyorlayotgan Muhammad Atum olib bormoqda.

–Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahoratli sportchilarni saralash, tanlash va yo‘naltirishda xalqaro tajribadan keng foydalanish lozimligi aytib o‘tilgan edi. Shu jihatdan, eng avvalo yosh sportchilarni tayyorlaydigan murabbiy-mutaxassislarning bilim darajasiga e’tibor qaratmoqdamiz. Shu maqsadda, Xalqaro stol tennisi federatsiyasi bilan o‘rnatilgan munosabatlar natijasida mamlakatimizda ilk bor "Olimpiya birdamligi" loyihasi dorisidagi seminar mashg‘ulotlarini tashkil etdik. O‘ylaymanki, o‘tkazilayotgan amaliy va nazariy mashg‘ulotlar murabbiylarimizning bilimini boyitadi. Bu, o‘z navbatida jahon sport maydonlarida katta natijalarga erishadigan stol tennischilar yetishib chiqishiga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi bosh kotibi Gavharxon Muqaddasova.

Nazariy va amaliy tarzda kechayotgan seminar mashg‘ulotlarida sportchilarni shug‘ullantirishning zamonaviy usullari, nufuzli musobaqalarning texnik-taktik jarayonlariga tayyorgarlik, har bir sportchining imkoniyatidan kelib chiqib to‘g‘ri yuklama berish va musobaqalarga psixologik tayyorlash kabi bir qator mavzular qamrab olinmoqda.

O‘quv-seminar mashg‘ulotlari 10 aprelga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA