Stol tennisi tezkorlik, aniqlik va strategik fikrlashni uyg‘unlashtirgan sport turi sifatida dunyo bo‘ylab keng ommalashgan. Yurtimizda ham ushbu sport turiga qiziqish ortib, musobaqalarning ko‘lami va sifati yil sayin yuksalmoqda. Bunday musobaqalarda sportchilar mahorati bilan bir qatorda, hakamlikning xolis va kasbiy darajada tashkil etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Stol tennisi federatsiyasi tomonidan 2025 yil 20-21 dekabr kunlari yoshidan qat’i nazar havaskor va professional sportchilar (ayollar va erkaklar alohida) o‘rtasida 50 million so‘m mukofot jamg‘armasiga ega “Pro-Tur II” stol tennisi musobaqasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqa doirasida malakali hakamlar ishtirokida bahslarni adolatli baholashga alohida e’tibor qaratiladi.
Musobaqada faoliyat olib boradigan hakamlar mehnati belgilangan tartib asosida baholanadi. Xususan, har bir o‘yin uchun hakamga bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida haq to‘lanadi. Shuningdek, bosh hakam hamda kotibning mehnati musobaqaning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida rag‘batlantiriladi.
Bugun 2025 yil 20-21 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Pro-Tur II” stol tennisi musobaqasi uchun qur’a tashlandi.
N.Rahmonova, O‘zA