Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogi musobaqalarining final bosqichiga yo‘l olgan jamoalar nomi aniqlandi.
Murosasiz kechgan yarim final o‘yinlarida ayollar o‘rtasida Farg‘ona viloyati jamoasini mag‘lub etgan Toshkent-1 jamoasi finalga yo‘l olgan bo‘lsa, ikkinchi juftlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tennischilaridan ustunlikka erishgan Toshkent viloyati qizlari oltin medalga da’vogarlik qilish huquqiga ega chiqdi.

Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi yarim final bahsida Toshkent viloyati jamoasi Toshkent-1 tennischilarini mag‘lub etib, finalga yo‘l olgan bo‘lsa, ikkinchi yarim finalchilar to‘qnashuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasini dog‘da qoldirgan Farg‘ona viloyati vakillari mamlakat kubogiga da’vogarlikni qo‘lga kiritdi.
Bugun, 25 dekabr kuni ayollar jamoalari o‘rtasidagi final o‘yinida Toshkent-1 va Toshkent viloyati jamoalari ro‘baro‘ kelsa, erkaklar jamoalari o‘rtasidagi finalda Toshkent va Farg‘ona viloyatlari jamoalari O‘zbekiston kubogi kimga tegishli ekaniga oydinlik kiritadi.

Shu o‘rinda aytish lozim, yarim final uchrashuvlari mamlakatimizda stol tennisining yorqin vakillari yetishib kelayotganini ko‘rsatdi.
Jumladan, Farg‘ona viloyatining yosh sportchisi, milliy reytingda 11-o‘rindan joy olgan Shoiraxon Qodirovaning harakati mutaxassislar va muxlislar e’tiborini tortdi. U Toshkent shahri jamoasi a’zosi, milliy reytingda 2-o‘rinda borayotgan, jamoaning ikkinchi raqamli sportchisini mag‘lub etdi.
U Toshkent jamoasining birinchi raqamli raketkachisi Mehriniso Norqulova bilan teng kurashda tajriba yetishmasligi sababli kichik hisobda imkoniyatni boy berdi. Ushbu bahs muxlislar tomonidan g‘alabaga teng o‘yin sifatida e’tirof etildi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston kubogi bahslarida bunday yangi va istiqbolli kashfiyotlar soni tobora ortib borayotgani e’tiborli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA