Stol tennisi: Markaziy Osiyo chempionatida qatnashadiganlar aniqlandi
Poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi sport majmuasida 19 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatiga saralash musobaqasida kuchlilar aniqlandi.
Murosasiz va qizg‘in kurashlarga boy kechgan bahslar yakunida Markaziy Osiyo chempionatida vatanimiz sharafini himoya qiladigan 5 nafar o‘g‘il va 5 nafar qizdan iborat O‘zbekiston terma jamoasining eng mahoratlilari saralab olindi.
O‘tkazilgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Arujan Kamolova, Adelina Hasanova, Asel Erkabayeva, Dilnavoz Amanova, Shoira Qodirova qizlar o‘rtasida, Diyorbek Dilshodov, Xurshid Ahmedov, Temur Nurmanov, Shahboz G‘ulomiddinov, Ozodbek Qahhorov o‘g‘il bolalar o‘rtasida joriy yil 3–5-aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tadigan Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA