Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha klublar o‘rtasida ilk bor o‘tkazilayotgan “Pro-Tur” musobaqasi yurtimizdagi eng mahoratli kichik raketka ustalarini jamladi.
Musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, mamlakat stol tennisi federatsiyasi mutasaddilari yurtimizda ushbu sport rivojini yangi bosqichga olib chiqish, mahoratli kichik raketka ustalarini tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib, turnirlar, jamoaviy musobaqalarni tizimli tashkil etish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Kichik raketka ustalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan turnirning asosiy bahslarida 12 ta klub g‘oliblik yo‘lida kurash olib bordi.
Yangi iste’dodlarni kashf etish va ularni rivojlantirish uchun ajoyib platforma vazifasini o‘tayotgan turnirning kecha o‘tkazilgan saralashlarida muvaffaqiyatga erishgan “Tashkent” va “7SABER” jamoalari 1-guruhdan, “Central” va “Dolina” jamoalari 2-guruhdan joy oldi. “United” hamda “Shirin Stol Tennis Club” vakillari pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

Bugun, 30 noyabr kuni aynan ushbu jamoalar mukofot jamg‘armasi 400 million so‘mdan iborat “Pro-Tur” turnirining sovrinli o‘rinlari uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, yakkalik, juftlik va aralash jamoaviy tartibda o‘tayotgan musobaqada g‘oliblikka erishgan jamoa 200 million, 2-o‘rin sohibi 100 va 3-o‘rinni band etgan jamoa 50 million so‘m miqdoridagi mablag‘ bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA