Bugun, 4 fevral kuni Xitoyning Xaykou shahrida Osiyo stol tennisi taqvimidagi 2026 yilning ilk nufuzli musobaqalaridan biri — “ITTF ATTU Asian Cup Haikou-2026” turniri boshlandi.
Mazkur musobaqa joriy yilning 30 mart-5 aprel kunlari Makaoda o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmalar taqdim etishi bilan ahamiyatli sanaladi.
“ITTF ATTU Asian Cup Haikou-2026” da qit’aning 14 ta davlatidan mahoratli kichik raketka ustalari yakkalik, juftlik va aralash juftlik bahslarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Osiyoning eng mahoratli kichik raketka ustalari qatnashayotgan mazkur musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Arujan Kamolova qatnashmoqda.
Bugun kunning birinchi yarimida hamyurtimiz A.Kamolova hongkonglik 29 yoshli Xoy Kem bilan kuch sinashdi. Yosh tennischimizning Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori, bir necha bor qit’a chempionligiga erishgan tajribali Xoy bilan bahsi murosasiz kechdi.
Endi musobaqa dasturiga binoan A.Kamolova navbatdagi o‘yinlarni xitoylik to‘qqiz karra jahon chempioni Chen Sintun hamda Xitoy taypeyilik "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, 24 yoshli Chiyen Tung-Chuan bilan o‘tkazadi.
Musobaqalar 5 fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA