Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan "WTT Youth Contender Tashkent – 2025" xalqaro tennis turnirida U19 va U15 yosh toifalarida aralash juftlik bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
U19 yosh toifasidagi aralash juftliklar o‘rtasida hamyurtlarimiz Xurshid Ahmedov va Asel Erkeboyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi. Qozog‘istonlik Abdulla Mamay va Noila Xaniyazova dueti esa musobaqa g‘olibiga aylangan bo‘lsa, belaruslik Danil Savastyan va Ulyana Miashchanskaya, Aleksey Rabushka va Mariya Selivonets tandemlari bronza medaliga ega chiqdi.

15 yoshgacha bo‘lgan stol tennischilar o‘rtasidagi aralash juftlik bahslari finalida hamyurtimiz Adelina Hasanova malayziyalik sherigi An Li Hong bilan birgalikda hindistonlik Yenosh Nayak va Naisha Revaskarni taslim etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur yosh toifasida Ma Yungjun (Janubiy Koreya) va Advika Agraval (Hindiston), Ozarbayjon terma jamoasi a’zolari Onur Guluzade hamda Yag‘mur Mammadli shohsupaning uchinchi o‘rnidan joy oldi.
Ma’lumot o‘rnida: ayni damda O‘zbekiston terma jamoasi hisobida 2 oltin, 1 ta kumush va 4 bronza medali mavjud.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA