Stol tennischilarimiz Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashadi
Stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Zohid Kenjayev, Shohrux Iskandarov, Marhabo Magdiyeva va Rozalina Xo‘jayeva “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun bahslarga kiradi.
Aniqrog‘i, joriy yilning 17-19-may kunlari poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi turnir o‘tkaziladi. Markaziy Osiyo mintaqasi vakillari o‘rtasida kechadigan bahslar erkaklar va ayollar o‘rtasida yakkalik yo‘nalishida tashkil etilib, unda faqat oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar Olimpiada ishtirokchisiga aylanadi. Musobaqada ishtirok etish uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Eron, Turkmaniston va Qirg‘izistondan 18 nafar sportchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ma’lumot uchun, turnirda erkaklar va ayollar yo‘nalishida bahslar bo‘lib o‘tadi. Unda oltin medalni qo‘lga kiritgan stol tennischilar Olimpiadaga yo‘llanma oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA