Qatarda o‘tkazilgan nufuzli musobaqada stol tennischilarimiz munosib natijaga erishgan holda Janubiy Afrika Respublikasida bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi.
Aytish lozim, Doxada o‘tgan mazkur xalqaro turnirning juftlik bahslarida qatnashgan Rozalina Xadjayeva va Marhabo Magdiyeva musobaqaning hal qiluvchi bosqichlarida avvaliga Janubiy Koreya vakillari bilan kurashdi. Undan keyin qozog‘istonlik Anastasiya Lavrova hamda Angelina Romanovskaya bilan kuch sinashdi.
Shiddatli o‘tgan o‘yinlarda vakillarimiz jahon stol tennisining yetakchilari bo‘lgan Janubiy koreyaliklarga yo‘l berishgan bo‘lsa, qo‘shni qozog‘istonlik raqibalarini 4:2 hisobida dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu g‘alaba esa o‘zbekistonlik kichik raketka ustalariga jahon chempionati yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishiga olib keldi.
Endi terma jamoamiz a’zolari joriy yilning 20-28 may kunlari Durban shahrida o‘tadigan jahon chempionatida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
E’tiborli jihati, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Eron, Hindiston, Singapur kabi davlatlardan kelgan stol tennisi bo‘yicha jahon va Osiyo yulduzlari ishtirokida o‘tgan musobaqada zafar quchgan hamyurtlarimiz endi Afrika qit’asida o‘tadigan chempionatda medallar uchun kurashish bilan dunyo reytingidagi o‘rinlarini yaxshilashga harakat qiladi. Reytingda munosib natijalarga erishish esa "Parij-2024" Olimpiadasi sari munosib qadam tashlandi deganidir.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA