Osiyo taraqqiyot banki va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari o‘rtasida STEM ta’limini rivojlantirishga qaratilgan yangi hamkorlik loyihasiga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Osiyo taraqqiyot bankining ijtimoiy sektor bo‘yicha rahbari, ta’lim masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Eysuke Tajima, Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, inspeksiya mas’ullari ishtirok etgan tadbirda STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) ta’limini rivojlantirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, maktablarni zamonaviy AKT vositalari bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda U.Tashkenbayev Osiyo taraqqiyot banki vakillariga mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirishdagi uzoq yillik hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirar ekan, inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarda o‘quvchilarning STEM fanlari bo‘yicha bilimlarini sinashga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
– O‘quvchilarda STEM fanlariga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishni maqsad qilganmiz, – dedi U.Tashkenbayev. – Mazkur loyiha maktabda o‘qitiladigan darsliklar imtihon natijasi yoki baho uchun emas, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga xizmat qilishiga umid qilamiz. O‘zbekiston ilk marotaba xalqaro baholash tizimlarida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, 2022 yilda PISA tadqiqotlarida ishtirok etamiz. Ayni kunlarda ushbu tadqiqotning 84 ta maktabda tajriba sinovlari o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan yilning dekabr oyida inspeksiya tomonidan PISA talablari asosida baholash bo‘yicha milliy tadqiqot o‘tkazilgan edi. Biz ushbu milliy tadqiqot natijalarini loyiha doirasida foydalanish uchun taqdim etish va hamkorlik qilishga tayyormiz.
Osiyo taraqqiyot banki vakili Eysuke Tajima inspeksiya tadqiqotlarining natijalari loyiha doirasidagi rejalarni belgilab olish uchun juda muhim ekanligini alohida qayd etib, loyiha doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha bildirilgan takliflar uchun minnatdorlik bildirdi.
Muhokamalar yakunida ko‘rilgan masalalar va istiqboldagi rejalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Fayzullo Yaxyoyev, O‘zA