O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tashabbusi bilan respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Namangan davlat universiteti hamkorligida “Global bilim maydonida Yangi O‘zbekiston yoshlarining munosib ishtirokini ta’minlashda “Steam” ta’limining ahamiyati” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Universitetning ma’naviyat-ma’rifat markazida bo‘lib o‘tgan ushbu nufuzli anjuman mamlakatimizda “Steam” yo‘nalishini yanada rivojlantirish, ilm-fan va amaliy innovatsiyalarni uyg‘unlashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish masalalariga qaratilib, unda yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan professor-olimlar, partiya faollari, deputatlar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari “oflayn” va “onlayn” tarzda ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastavval, Namangan shahridagi “Bobur shoh” ko‘chasida faoliyat yuritayotgan “Steam plaza” nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur xususiy muassasa taniqli tadbirkor va jamoat faoli, birinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Madina Mo‘minova ta’sischiligida ochilgan bo‘lib, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika fanlarini uyg‘unlashtirgan holda zamonaviy bilim berishi bilan ajralib turadi. Muhimi, o‘quvchilarga o‘zlashtirilgan bilimni amaliyotda qo‘llay olish, kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalanish, ham jamoaviy, ham mustaqil tashabbuslarni ilgari surish o‘rgatib boriladi.

Anjumanda so‘zga chiqqan “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov, Namangan davlat universiteti rektori, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev mamlakatimizda zamonaviy ta’lim standartlarini amaliyotga joriy etishni jadallashtirish, ilm-fan va amaliy innovatsiyalarni uyg‘unlashtirish orqali yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi “Steam” ta’limi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotganligini ta’kidladi. Binobarin, partiya va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik ta’limni modernizatsiya qilish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Konferensiyada ta’lim sohasida qabul qilingan muhim hujjatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “Steam” ta’limi joriy etilishi belgilangani, Prezident maktablarida bu borada dasturlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da ayni yo‘nalishda o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, zamonaviy davlat ta’lim standartlarini joriy etish vazifalari belgilangani ta’lim islohotlarining strategik yo‘nalishini belgilab berishi ta’kidlandi.

Raqamlashtirish, ilmiy-amaliy innovatsiyalar asrida jahonning har bir mamlakati ta’limga katta e’tibor qaratayotgani bejiz emas. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham ushbu jihatga alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalari soni, qabul kvotalari hajmi, ilmiy-tadqiqotlarga yo‘naltirilgan grantlar salmog‘i oshib borayotgani buning yorqin tasdig‘idir. Asosiysi, ta’lim sohasida ochiqlik, raqobat, imkoniyatlar tengligi tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. Buning natijasida yuzlab yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida, startap tanlovlarida, innovatsiya ko‘rgazmalarda munosib qatnashmoqda.

“Steam” bu – ilm-fan bilan amaliy hayotni, nazariya bilan tajribani, injiniring bilan ijodni, texnologiya bilan san’atni uyg‘unlashtiruvchi zamonaviy ta’lim modeli hisoblanadi. Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar tashlansa, ularda ham asosiy e’tibor ushbu yo‘nalishga qaratilgani, ta’lim tizimini to‘liq modellar asosida shakllantirilganiga guvoh bo‘linadi.
Chunonchi, “Adolat” SDP saylovoldi dasturida ham ushbu jihat alohida e’tiborga olingan. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv sifatini yanada oshirish partiyaning dasturiy maqsadlaridan biridir. Buning uchun zamonaviy dars uslublarini ishlab chiqish, reyting tizimini joriy etish, ilg‘or xalqaro amaliyotni milliy ta’lim muhitiga olib kirish takliflari ilgari surilgan.

Qolaversa, zamonaviy xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va ularni o‘zbek tiliga o‘girilishi masalasi ham yo‘lga qo‘yilishi lozim. Chunki, zamonaviy ilmning eng so‘nggi yutuqlari, yangi model va yondashuvlar, innovatsion metodlar xorijiy ilm maktablarida yaratilmoqda.
Partiya nafaqat dasturiy jihatdan, balki amaliyotda ham bu vazifalarni ro‘yobga chiqarish uchun qator tashabbus va loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari, seminarlar tashkil etish, yosh olimlar va izlanuvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim dasturlariga “Steam” yo‘nalishlarini kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.
Anjumanning plenar majlisida Farg‘ona davlat universiteti pedagogika kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Nabijon Temirov, “Steam plaza” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Madina Mo‘minova, Namangan davlat universiteti pedagogika kafedrasi professori, pedagogika fanlari nomzodi Xayrixon Rahmatova, Andijon davlat pedagogika instituti pedagogika fakulteti dekani, falsafa fanlari doktori, professor Azizbek Egamberdiyev, Jizzax davlat pedagogtka instituti dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilshod Haydarov, “Zamrad” universiteti Buxoro Kampusi psixologiya va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor o‘rinbosari Kimyo Yodgorova va boshqalar Yangi O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan huquqiy islohotlar, bunda “Steam” ta’limning o‘rni, zamonaviy “Steam” ta’limda matematik modellashtirish, bu yangi metodik texnologiyaning ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati, dual ta’limni nazariy-uslubiy asoslari va joriy etish istiqbollari, “Steam” ta’limi orqali yoshlarning bilim olishida oliygohlar va mahalla instituti hamkorligini kuchaytirish masalalari xususida batafsil so‘z yuritdi.
Anjumanda “Steam” ta’limi bo‘yicha respublika darajasida yagona metodik markaz tashkil etish, maktab va kollejlarda ayni shu yo‘nalishda laboratoriyalar yaratish, oliy ta’limda ijodiy-injenerlik yo‘nalishlarini yanada kengaytirish, yoshlar uchun maxsus grantlar va tanlovlar joriy etish, oliy ta’lim muassasalarida yangi yo‘nalish bo‘yicha ilmiy-amaliy markazlar barpo qilish yuzasidan bildirilgan takliflar “Adolat” SDP dasturiy maqsadlari, yurtimizdagi ta’lim siyosati va global rivojlanish tendensiyalariga mos keladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA