Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
STEAM tajriba: G‘ijduvon tumanidagi maktablarda
12:59 / 2022-09-14

O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Xalqaro tajribada dunyodagi ko‘plab mamlakatlari ta’lim sohasida yuqori samara berayotgan STEAM ta’limini hududlardagi umumta’lim maktablariga joriy etish ham bugungi kun talabidir.

Shu jihatdan, Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti, G‘ijduvon tuman hokimligi, G‘ijduvon tumanxalq ta’limi boshqarmasi va Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda o‘quvchilarning yozgi ta’til davrida ekspertlar bilimidan samarali foydalanish maqsadida G‘ijduvon tumandagi jami 67 ta maktabning maktab o‘quvchilari uchun ixtiyoriy ravishda tashkil etilgan STEAM dasturi bo‘yicha 24 soatlik intensiv o‘quv-trening darslari tashkil etildi.

Mazkur darslarni TDIU katta o‘qituvchisi i.f.n. (PhD) falsafa doktori A.Zikriyoyev olib bordi va A.Avloniy milliy- tadqiqot instituti ilmiy - tadqiqot bo‘lim mudiri (PhD) falsafa doktori M.Badalova tomonidan onlayn tarzda ilmiy-uslubiy maslahatlar berib borildi. Mashg‘ulotlar “Montessori” metodikasi asosida, o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilib, o‘quvchilarning yoshlariga munosib, Science - tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik, san’at va matematikaga oid integratsiyalashgan bilimlar berildi. 

Ayniqsa, dunyodagi aniq muammolar yechimiga qaratilgan EAGA, EAMA, PISA, PIRLS, TMISS, SAT, ACT, GCSE va boshqa xalqaro testlar namunalari o‘quvchilar bilan birga bajarildi. Shu bilan bir qatorda bu qisqa muddatda olingan bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarning ilmiy qarashlar chegaralarini aniqlab olishlari bilan birga fikr doirasini kengaytirish, har bir mavzuning shakl va mazmuni, uslub va sifati, natija va nufuziga e’tibor qaratish muhimligini ham anglatadi. Ushbu o‘quv kursini o‘qitishda loyihaga, muammo va savol berishga yo‘naltirilgan, tanqidiy fikrlashga asoslangan o‘qitish uslubi asos qilib olinib, dars so‘ngida musiqa asboblarini (o‘quvchilarning qiziqishlariga asosan) chalishga ham e’tibor qaratildi.

24 soatlik intensiv o‘quv-trening darslari so‘ngida mashg‘ulotlar natijasini aniqlash maqsadida tinglovchilar orasida 16 ta savoldan iborat bo‘lgan so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomadagi mavzuning eng dolzarb 2 ta savol javobiga nazar tashladik. 

Yozgi qisqa intensiv o‘quv-trening kurslarini o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirish darajasi:

 

 

Yuqoridagi rasmda ko‘rsatilganidek, so‘rovnomada ishtirok etganlarning 71,4 foizi mashg‘ulotlarda berilgan ma’lumotlarni yuqori darajada o‘zlashtirganligini ta’kidlagan va umuman o‘zlashtirmagan o‘quvchining yo‘qligi esa mashg‘ulotlarda dars berish metodlari va dars beruvchi o‘qituvchining saviyasini belgilaydi.

 

 

 

 

2-rasmda ko‘rsatilgan savolga, ya’ni umumta’lim maktablarida dars o‘tishga oliy ta’lim mutaxassislarini jalb etish qanchalik samara beradi, deb o‘ylaysiz, degan savolga ishtirokchilarning 81 foizini yuqori, deb baholashi  xalq ta’limi sohasida ham ma’lum tartib asosida oliy ta’lim tizimida dars berayotgan mutaxassislarni maktablarda dars berish jarayoniga jalb etish lozimligini ta’kidlaydi.

Kichik tadqiqot natijalari olib borilgan intensiv o‘quv-trening kurslari ijobiy yakunlanganini isbotlaydi. Bunday qisqa kurslarni tashkil etish o‘quvchilarda jahon xaritasida mamlakatlarning geografik joylashuvi, ixtisoslashuvi, koordinatalari, rivojlanishi va jahon hamjamiyatidagi o‘rni bo‘yicha fikr yurita olish ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quvchilarda jamoa bilan hamkorlikda ishlash va o‘zgalar fikri bilan o‘rtoqlashish va ularga hurmat bilan qarash kabi  qobiliyatlarni rivojlantiradi. Shuningdek, o‘quvchilar o‘z ijodkorlik va kashfiyotchilik qobiliyatlarini boshqarishni, chet tilidagi axborot va ma’lumotlarni qayta ishlay olish ko‘nikmalarini o‘rganadi.

           Natijada kreativ va tanqidiy fikrlash qobiliyati shakllanib, ularni oliy ta’lim bilan integratsiyalashgan bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali kasb tanlashga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

M.Badalova,

A.Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti Ilmiy bo‘lim mudiri.

O‘zA