Davlat statistika qo‘mitasida 2022 yil I chorak yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita raisi Bahodir Begalov davlatimiz rahbari topshiriqlarida statistika idoralari oldiga qo‘yilgan vazifalar va tizimda joriy yilning I choragida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi borasida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 3 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va “2020–2025 yillarda O‘zbekiston Respbulikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi”da davlat statistika idoralariga yuklatilgan vazifalarning ijrosi bo‘yicha ma’lumot berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilgan ishlar, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash yuzasidan kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan respublikadagi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining faoliyati yuzasidan e’lon qilingan “Ochiqlik indeksi” natijalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, mazkur indeksda Davlat statistika qo‘mitasining ko‘rsatkichlari 88,9 ballik ko‘rsatkich bilan yuqori darajada baholanib, vazirlik va idoralar ichida uchinchi o‘rinni egallagan. Tadbirda bu borada yanada samarali natijani qayd etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishi yakunida ijro intizomi va tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan xodimlarga tegishli choralar ko‘rish, ish faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygan ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA