Innovatsiyalar Milliy ofisi xodimlari Vengriyaning “Startup Campus” kompaniyasida startap loyihalarni akseleratsiya qilish bo‘yicha tajriba orttirdi.
Vengriya tomonidan hamkor tashkilot hisoblangan “Startup Campus” kompaniyasi bilan akseleratsiya dasturlarini tashkil etishda Yevropa tajribasini qo‘llash hamda biznes g‘oyani muvaffaqiyatli startapga aylantirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda amaliy yordam ko‘rsatish kabi masalalarda muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, xodimlar Obuda universiteti rektori, professor Habil Levente Kovach, Obuda universiteti Venchur jamg‘armasi boshqaruv direktori Hild Imre va bir qancha mutaxassislar bilan uchrashdi.
Tomonlar o‘z tashkilotlarining faoliyati, asosiy vazifalari hamda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashishdi. Universitet rektori texnoparklarga xorijiy investitsiyalarni kiritishda chet el tajribasidan keng foydalanish, shuningdek, yurtimizdagi innovatsion muhitni yanada rivojlantirishga qaratilgan ishlar bo‘yicha so‘z yuritdi.
Bundan tashqari, Obuda universiteti Venchur jamg‘armasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Jamg‘arma tomonidan iqtidorli talabalar, izlanuvchilar hamda olimlarning istiqbolli loyihalari uchun turli xil kurslarni o‘z ichiga olgan moliyalashtirish yo‘nalishlarini boshqa davlatlarda qo‘llash bo‘yicha muhokamalar olib borildi.
Shu bilan birga, “EKIK” tadqiqot va innovatsiya markazi bosh direktori Tamas Haidegger hamda Innovatsiyalar va Venchur jamg‘armasi hamkor vakili Caba Arendas bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “EKIK” markazi faoliyati, amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun amaliyot o‘tash imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Obuda universitetida joylashgan “EKIK” tadqiqot va innovatsiya markazi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, tadqiqotlarni amalga oshirish, investorlarni jalb qilish bo‘yicha yetakchi markaz hisoblanadi.
Shuningdek, Vengriyaning Budapesht texnologiyalar va iqtisodiyot universiteti “Spinoff startap studio” inkubatori faoliyati o‘rganildi hamda “Respray” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
O‘zbekiston - Vengriya startap akseleratsiya dasturi doirasida kichik va o‘rta biznes vakillarini ham qamrab olish rejalashtirilgan. Bu borada “Spinoff startap studio” inkubatori iqtidorli yoshlar tomonidan istiqbolli loyihalarni saralash va biznesga yo‘naltirishda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, xodimlar “Spinoff startap studio” inkubatori hamda “Respray” kompaniyasi faoliyatini yaqindan o‘rgandi.
Ta’kidlash lozim, ushbu kompaniya mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar va amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlari yuqori darajada. Kelgusida “Respray” kompaniyasi rahbari mamlakatimiz bilan hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi.
Xizmat safari davomida Innovatsiyalar milliy ofisi vakillari “FIEK” texnologiyalar markazi rahbari Lazlo Kovach bilan uchrashdi. Unda texnologiyalardan talabalar, yosh olimlar hamkorligida tadqiqot ishlarida foydalanish, sanoatda texnologiyalarni rivojlantirish haqida suhbat olib borildi. Shuningdek, ushbu markaz bilan kelgusidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash lozim, markazda yigirmadan ortiq yuqori amaliyotlarni bajarishga mo‘ljallangan texnologiyalar mavjud bo‘lib, ularni sanoatda qo‘llash, barcha imkoniyatlaridan keng foydalanish mavzusida fikr almashildi.
“Startup Campus” kompaniyasi Budapesht, Berlin, London shaharlarida o‘z kampuslariga ega bo‘lgan startap loyihalarni akseleratsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi hamda shu kunga qadar 500 dan ortiq startaplarni akseleratsiya qilgan Yevropadagi katta tajribaga ega kompaniya hisoblanadi.
Ushbu kompaniya biznes g‘oyani muvaffaqiyatli startapga aylantirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar, jumladan, biznes reja tuzish, marketing, menejment, sotuvlar, bozorga kirish va investorlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatadi.
O‘zA