Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Startaplarga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganildi
17:14 / 2024-02-23

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Koreyaning Ilg‘or texnologiyalari va fan instituti (KAIST) bilan hamkorlikda “Startaplarga investitsiyalarni jalb etishning huquqiy asoslari” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Unda mamlakatimizda startap ekotizimini rivojlantirishga mas’ul vazirlik va idoralari, oliy ta’lim muassasalari hamda Koreyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va venchur kompaniyalari ishtirok etdi. 

Ta’kidlash kerakki, ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad, respublikamizda innovatsion iqtisodiyotni barpo etishda startaplarga investitsiyalarni jalb etish, innovatsion loyihalarni moliyalashtirishning huquqiy asoslari, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda jahonda qo‘llanilayotgan ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish hamda startaplarni moliyalashtirishda venchur fondlar va kompaniyalarning yuqori riskli loyihalarga mablag‘larni investitsiya qilish bo‘yicha huquq va majburiyatlarini aniqlashtirishdan iboratdir. 

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining biznes inkubator va startap markazi rahbari G‘afurjon Usmonovning so‘ziga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublikamizda startaplarni rivojlantirish masalasi innovatsion iqtisodiyotni barpo etishda, yangi texnologiyalar va tovar (xizmatlar)ni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

– Bu borada aynan startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarga investitsiya mablag‘larini jalb etish masalalarini yanada takomillashtirish zarur bo‘lmoqda. Bunday startaplarga investitsiyalarni jalb etishni huquqiy jihatdan tartibga solish hamda startaplar faoliyatini investitsion qo‘llab-quvvatlashning normativ-huquqiy bazasini yaratish dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Mazkur seminarda Koreyaning Ilg‘or texnologiyalari va fan instituti tomonidan startaplarga investitsiya kiritishning huquqiy asoslari, startaplarni moliyalashtirish uchun yaratiladigan shart-sharoitlar, startaplarga investitsiyalarni jalb etishga ta’sir etuvchi omillar hamda yuqori riskli innovatsion loyihalarni moliyalashtirishdagi mavjud muammolar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, unda Venchur investitsiyalari uyushmasi vakili tomonidan venchur investitsiyalari va uning startaplarni rivojlantirishdagi ahamiyati to‘g‘risida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud qonunchilikda yechim topishi lozim bo‘lgan masalalar hamda startap ekotizimida investitsiyalarni jalb qilishning samarali mexanizmi to‘g‘risida taqdimot qilindi. Albatta, bu kabi muloqot o‘zaro hamkorlikda qo‘l keladi, – dedi G‘.Usmonov. 

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari tomonidan venchur ekotizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishda Koreya tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonda startap loyihalarni moliyalashtirishda Koreya venchur kapital fondlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mahalliy mutaxassislarning venchur kapital bo‘yicha moliyaviy savodxonligini oshirish taklif etildi. 

N. Ziyodulayeva, O‘zA