Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Startaplar va logistika: O‘zbekistonda yangi imkoniyatlar va amaliy yechimlar muhokama qilindi
11:51 / 2025-10-03

O‘zbekiston iqtisodiyotida innovatsiya va texnologik taraqqiyot asosiy ustuvorliklardan biriga aylanmoqda. Bu jarayonda startap-kompaniyalar tobora muhim o‘rin egallab bormoqda. Ayniqsa, logistika sohasi — xalqaro savdo, eksport salohiyati va iqtisodiy raqobatbardoshlikni belgilaydigan strategik yo‘nalish sifatida e’tirof etilmoqda.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan startaplar, moliyaviy institutlar va davlat idoralari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda logistika sohasidagi muammolar, investitsiya imkoniyatlari hamda innovatsion yechimlar keng muhokama qilindi.

Investitsiyaviy to‘siqlar va moliyaviy yechimlar

Muhokamalarda ta’kidlanganidek, startaplar duch kelayotgan asosiy muammolardan biri — kapital yetishmovchiligi. Shu nuqtai nazardan:

— venchur fondlar, tijorat banklari va nasiya savdo tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish,

— venchur kompaniyalarining tavakkalchilikka tayyorligini oshirish kabi takliflar bildirildi.

Sug‘urta xizmatlari va xatarlarni boshqarish

Tadbirda hududlarda sug‘urta xizmatlaridan foydalanishdagi qiyinchiliklar qayd etildi. Bu muammoni hal etish maqsadida:

— startaplar uchun soddalashtirilgan sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish,

— sug‘urta kompaniyalari va banklar bilan pilot loyihalarni amalga oshirish belgilandi.

Soliq va bojxona tizimini takomillashtirish

Xalqaro amaliyotda keng tarqalgan QQS qaytarish mexanizmi o‘zbekistonlik transport kompaniyalariga ham tatbiq etilishi zarurligi ta’kidlandi. Mazkur tizimni joriy etish bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda ishlar olib boriladi.

Shuningdek, bojxona postlaridagi navbatlar, jarayonlarning shaffof emasligi kabi muammolar ham muhokama qilindi. Vazirlik tomonidan joriy qilingan elektron navbat tizimini keng joriy etish va doimiy ravishda takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Axborot yetishmovchiligi va jamoatchilik bilan ishlash

Logistika sohasidagi ko‘plab ilg‘or startaplar faoliyat yuritsa-da, ular haqida keng jamoatchilik yetarlicha xabardor emas. Shu bois Savdo-sanoat palatasi va Transport vazirligi tomonidan tadbirkorlar va aholiga axborot yetkazib borish mexanizmlarini kuchaytirish taklifi berildi.

Ruxsatnomalar va “spekulyativ” talab

Xalqaro tashuvlarda qo‘llaniladigan ruxsatnomalarning faqat yuridik shaxslarga cheklangan miqdorda taqdim etilishi yetishmovchilik va spekulyativ talabni keltirib chiqarmoqda.  

Tadbirda ruxsatnoma berish jarayonini shaffoflashtirish, uni kengroq doiradagi ishtirokchilarga taqdim etish masalalari muhokama qilindi.

Yangi moliyaviy mahsulotlar — “Fuel Card” va ско́ринг tizimlari

Startaplarning bank xizmatlaridan — xususan, faktoring va kredit kartalaridan foydalanish darajasi past ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan TIF “Milliy bank” tomonidan yuk tashuvchilar uchun maxsus “fuel card” tizimi ishlab chiqilishi belgilandi.

Shuningdek, “Didox” MCHJ tomonidan raqamli xizmatlar taqdimoti o‘tkazildi. Yuk tashuvchilarning moliyaviy oqimlari asosida muqobil ско́ринг tizimlarini joriy etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bir qator muhim xulosalarga kelishdi.  

Startaplar, davlat va moliya institutlari o‘rtasida doimiy muloqot zarurligi qayd etish, “Xalq banki” va “Uzbekinvest” — logistika sohasiga mos sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish, davlat banklari — faktoring xizmatlarini joriy etish zaruriyati borligi aytildi.

Shuningdek, mazkur davra suhbati O‘zbekistondagi startaplar, davlat organlari va moliya institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiluvchi samarali platformaga aylandi.

Muhokamalar nafaqat mavjud muammolarni ochib berdi, balki ularning amaliy yechimlarini ham taklif qildi. Ushbu jarayon natijalari mamlakat logistika sohasidagi raqobatbardoshlikni oshirishga va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA