So‘nggi paytda mutaxassislar amerikalik tadbirkor Ilon Mask yaratgan “Starlink” apparati atrofida turlicha fikr bildira boshladi.
Mazkur internet tarqatish vositasining inson hayoti uchun qanchalik zarur ekani hech kimga sir emas. Shuning barobarida qurilma harbiy maqsadda, ayniqsa, koinotda ham xizmat qilishi mumkinligi ko‘pchilikni xavotirga solmoqda. Zero, “Starlink”ni avval boshda sayyoramizning istalgan nuqtasi uchun aloqa tizimi sifatida orbitaga joylashtirish rejalashtirilgan edi. Keyinchalik evolyutsiyaga uchragan bu kashfiyot to‘lig‘icha jangovar tarmoqqa aylana boshladi.
Jangovar internet
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ilon Maskning orbital interneti tinch maqsadda ishlab chiqilgan loyiha, zarur bo‘lganda, tezda harbiy maqsadga xizmat qiluvchi g‘oyaga aylanishi mumkinligiga yaqqol misol. Tizim salohiyatini baholash uchun AQSH harbiylariga, atigi, bir yil vaqt yetarli bo‘ldi. 2018 yil fevralda ilk yo‘ldosh tizimi uchirildi, 2019 yilga kelib esa mikro yo‘ldoshning birinchi to‘plami orbitaga olib chiqildi va harbiy tadqiqot dasturiga kiritildi.
Tizim birinchi bo‘lib AQSH Maxsus amaliyot bajaruvchi kuchlari qo‘mondonligi zobitlari tomonidan testdan o‘tkazildi. Yana bir yildan keyin internetni harbiy maqsadda to‘liq testdan o‘tkazish bo‘yicha AQSH bilan “SpaceX” o‘rtasida bitim imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida Pentagon tarmog‘i sifatini, ma’lumotni uzatish va yuklash tezligini, yo‘qotilgan paket foizini va kiber hujum amalga oshirilganda “SpaceX” serverining himoyalanganlik darajasini baholash rejalashtirgandi.
Adolat yuzasidan aytish joiz, Mask internetini butunlay armiya aloqa tuzilmalariga integratsiyalash haqida hali qaror qabul qilinganicha yo‘q. Sinov 2023 yilgacha davom etishi ta’kidlanmoqda.
Ushbu tadbirlar uchun mo‘ljallangan asosiy sinov maydoni AQSHda emas, balki Sharqiy Yevropada joylashgan. Bu mintaqaga Ilon Maskning yo‘ldosh tarelkalari majmuasi ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, ham vositachi orqali yetkazib berilmoqda.
“Starlink”ning internet tezligi qanday?
Hozir “Starlink” internet tezligi simli tarmoq bilan raqobatlasha oladigan darajaga chiqqan. “Speedtest” servisiga egalik qiladigan “Ookla” kompaniyasi yo‘ldosh interneti bilan AQSHdagi simli internet aloqasi tezligini taqqoslab ko‘rdi. Ta’kidlanishicha, 15 mamlakatda o‘lchab ko‘rilgan “Starlink” yo‘ldosh interneti tezligi 105 Mbit/soatga teng. Hatto, “Starlink”ning yevropacha komponenti yanada tezroq – 120-140 Mbit/soatni tashkil etgan.
Shuning o‘zi AQSH Markaziy qo‘mondonligidan tortib quruqlikdagi qo‘shinlar va maxsus topshiriq bajaruvchi qism operatorlari uchun dronlarni boshqarishdagi aloqa ehtiyojini qoplay oladi.
“Starlink” mijozlari terminalini urush vaqtida qurolli kuchlar tuzilmasiga joriy qilingani haqidagi xabarni ilk bor Buyuk Britaniyaning “Telegraph” nashri ma’lum qilgandi. Gazeta yozishicha, “SpaceX” terminallari va tarelkalari birinchi bo‘lib Ukraina harbiylari tomonidan zarbdor uchuvchisiz uchadigan qurilmani boshqarishda qo‘llanildi. Mutaxassislar yozishicha, bu borada britaniyalik jurnalistlar haq emas, hozircha “Starlink” interneti dronlarni boshqarishda qo‘llanayotgani yo‘q.
Masalan, Ukraina harbiylariga “Bayraktar TB-2” dronlarini boshqarish uchun yo‘ldoshli internet umuman kerak bo‘lmagan. Axir, bu qurilmaning eng uzoq parvozi 150 kilometr, jangovar hudud doirasi 70-75 kilometrdan ko‘p emas. Shunday ekan ushbu dronni radiokanal orqali ham boshqarish mumkin.
Shunday ekan, “Starlink” nima uchun kerak?
Haqiqatga eng yaqin ssenariy kelajakda “Starlink”dan hozirgi koinot apparati va yo‘ldoshni kelgusi versiyalarga integratsiyalash yo‘li bilan taktik ma’lumot almashishning yagona tizimini yaratishdir, deydi ekspertlar. Hozirdanoq ma’lumki, “Starlink Gen2” yirik va og‘ir fazoviy apparatlarning bugungi avlodida ko‘rina boshladi. Qurilmaning ma’lumot o‘tkazish qobiliyati, taxminan, 160 Gbit/soniyaga yetadi.
“Starlink” yo‘ldosh tarelkasi
“Starlink” yo‘ldoshli tarmoq yaqin kelajakda 30 ming donaga ko‘payishi hisobga olinadigan bo‘lsa, tabiiy savol tug‘iladi: bunday sur’atda amalga oshirilayotgan ishdan qanday maqsad ko‘zlangan? Ekspertlar ta’kidicha, kutilayotgan natija sayyoramizda, qariyb, 5 milliard kishi foydalanayotgan maishiy internetdan tashqari AQSHning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini sinovdan o‘tkazish uchun ham kerak.
Agar har bir “Starlink Gen2” yo‘ldoshiga bir juft o‘lchagich o‘rnatilsa, mavjud raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini modernizatsiyalashdan ko‘ra ancha arzon ekan. Darhaqiqat, birgina raketa tutib qoluvchi apparat Pentagon uchun 18 milliard dollarga tushayotganini hisobga olsak, “Starlink Gen2”ning foydasi beqiyos ekaniga shubha qolmaydi.
Qolaversa, pentagonga yo‘ldosh uchirish uchun xarajat qilish shart emas. 2021 yil “SpaceX” Pentagondan 28 ta harbiy yo‘ldosh uchirish uchun buyurtma olgan edi. Har bir parvozning narxi 80 million dollar. “Super Heavy” raketalari, “Starship” fazo kemasi paydo bo‘lgandan keyin esa “SpaceX” bir martalik uchirishda orbitaga davlat yo‘ldoshi bilan birga o‘zining “Gen2” apparatini ham olib chiqa oladi. Bundan nafaqat oddiy mijozlar, balki harbiylar ham foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
S.RAHIMOV,
O‘zA sharhlovchisi