Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida yangilanish va yosharish bayrami – Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘ldi. Jumladan, kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarga mehr-u muruvvat ko‘rsatildi, bahor taomi sumalak pishirilib, barcha ishchi-xodimlarga tarqatildi.
Stansiya majmuasi hovlisida ko‘klam va yasharish shodiyonasi ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Stansiya kasaba uyushmasi qo‘mitasi va xotin-qizlar kengashi ko‘magida xayriya tadbiri sifatida iftorlik dasturxoni yozilib, o‘zbek milliy taomlari ko‘rgazmasi, osh tayyorlash bo‘yicha ko‘rik -tanlov tashkil etildi. Stansiya xodimlari tomonidan bir vaqtda yetti qozonda turli usulda tayyorlangan osh barchaga birdek manzur bo‘ldi. Hay’at a’zolari har bir jamoa tomonidan tayyorlangan oshga munosib baho berdi.



– Stansiyamizda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bunda korxonamiz faollari, kasaba uyushmasidan tortib yoshlar tashkiloti jonkuyarlarining mehnatini alohida ko‘rsatib o‘tish joiz, – deydi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i, kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoli Dilmurod Dehqonov. – O‘zaro mehr- oqibat, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi bunday ezgu sa’y-harakatlarimizni kelgusida ham davom ettiramiz.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri