Toshkent Davlat texnika universitetida «Jahonda standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish holati va rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
«Metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish» kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Berlin Texnika universiteti, Moskva davlat texnika universiteti, Milliy ilmiy tadqiqot yadro universiteti, Belarus milliy texnika universiteti va Norvegiya energiya texnologiyalari institutlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Anjumanni Toshkent Davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, ilm-fanni rivojlantirish jarayonidagi amaliy harakatlarda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Xalqaro anjumanda Toshkent Davlat texnika universiteti xorijiy davlatlar Rossiya, Germaniya, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Norvegiyadan sohaning yetakchi olimlari onlayn tarzda ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Anjuman doirasida xalqaro savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etishda milliy sifat infratuzilmasi, texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimi muammolar va uning yechimlarini hal qilishdagi ilmiy-amaliy masalalar yuzasidan shu sohada faoliyat yuritayotgan xorijiy va mahalliy yetakchi mutaxassislarining fikrlari tinglandi.
Xalqaro anjumanda:
«Mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonlarida standartlashtirishning o‘rni», «Mahsulotlarni xavfsizlik ko‘rsatkichlarini aniqlashda texnik reglamentlarni qo‘llash», «Muvofiqlikni baholash sohasida standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solishni raqamlashtirish», «Ishlab chiqarish jarayonlarining metrologik ta’minoti» kabi mavzularda ma’ruzalar atroflicha muhokama etildi.
Xalqaro anjumanga 100 dan ortiq, jumladan, xorijiy davlatlardan 20 ta konferensiya mavzulari doirasida ilmiy maqolalar va tezislar kelib tushdi. Tahlil qilingan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan bildirilgan fikrlar kelajakdagi ushbu soha rivoji uchun xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
O‘zA