Bugun mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, aholi turmush farovonligini ta’minlash, har bir sohani jahon standartlari va talablariga tayangan holda yuksaltirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada har bir davlatning o‘z oldiga qo‘ygan muhim vazifalaridan biri ichki bozorni sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlashdir. O‘zbekiston standartlar institutining asosiy faoliyati mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlashdir.

Sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalqaro andozalarga moslashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 fevraldagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi, Bosh vazir raisligida Texnik jihatdan tartibga solish sohasini rivojlantirish bo‘yicha Respublika idoralararo kengashi tuzildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonun standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga va sohani yangi bosqichga olib chiqishga asos bo‘ladi. Qonunda Jahon savdo tashkiloti, Xalqaro standartlashtirish tashkilotining talablari va xalqaro atamalar, tushunchalar bilan boyitilib, standartlar qo‘llanilishi ixtiyoriyligi belgilandi.
Xalqaro standartlashtirish tashkiloti fondida bugungi kunda 25 ming 655 ta standart mavjud bo‘lib, tashkilotga jahonning 172 ta mamlakati a’zo, uning 844 ta standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasi mavjud.
Xalqaro tajribani olsak, Xitoy Xalq Respublikasi ISOning eng faol ishtirokchisi bo‘lib, 20 ta texnik qo‘mita kotibiyatini yuritib keladi, bugungi kunda 770 ta Texnik qo‘mitada to‘laqonli a’zo va 4 tasida kuzatuvchi hisoblanadi. Germaniya davlatini oladigan bo‘lsak, 136 ta ISO Texnik qo‘mita kotibiyatini yuritadi. 719 ta ISO texnik qo‘mitasiga to‘laqonli a’zo va 47 ta ISO TK kuzatuvchisi.
O‘zbekiston esa ISOning 17 ta texnik qo‘mitasining to‘laqonli a’zosi va 234 tasida TK kuzatuvchi hisoblanadi va ushbu ishtirok kundan-kunga kengaytirilmoqda.
Global sifat infratuzilmasi indeksida mamlakat reytingi bo‘yicha ko‘rsatkichlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, O‘zbekiston 185 ta mamlakat orasida 2021 yilda 96-o‘rinda bo‘lgan, 2025 yil yakuniga kelib esa bu ko‘rsatkich 60-o‘ringa ko‘tariladi.
Ma’lumki, har yili 14 oktyabr dunyoda “Standartlashtirish kuni” sifatida nishonlanadi. Shu munosabati bilan o‘tgan yili o‘tkazilgan ilmiy-texnik konferensiyada vazirlik va tashkilotlardan 68 nafar soha mutaxassislari va 12 nafar chet ellik mutaxassislar ishtirok etdilar.
Ushbu “Standartlashtirish kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlovda soha mutaxassislaridan 6 tasi “Yil standartchisi” mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qator tadbirkorlik sub’ektlari “Sifat sohasi”dagi mukofotga sazovor bo‘ldi.
Koreya Respublikasida tashkil etilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi standartlashtirish bo‘yicha xalqaro olimpiadada O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan tayyorlangan mamlakatimiz o‘quvchilari 1 ta oltin va 1 ta kumush medal egasi bo‘ldilar.
Jahon bozori talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish uchun standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash borasida bilim, tajriba va malakaning o‘rni juda muhim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 10 oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlarining 20 ming nafar mutaxassisini texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash borasidagi bilim, malakalarini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Xorijiy standartlashtirish idoralarining samarali tajribasini o‘rganish maqsadida o‘tgan davrda O‘zbekiston standartlar institutining vakillari Britaniya standartlari instituti (BSI), Germaniya standartlari instituti (DIN), Belarus, Turkiya hamda Rossiyaning standartlashtirish tashkilotlarida malaka oshirish uchun jalb qilindi.
O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan 2025 yilda standartlarning xalqaro uyg‘unlashish darajasini 40 foizga yetkazish maqsadida 4 ming 200 ta Xalqaro standartni qabul qilish, 3 ming 87 ta amaldagi standartning Jahon Standartlashtirish tashkiloti talablariga mosligi yuzasidan tahlil o‘tkazish maqsad qilingan.
Xulosa qilib aytganda, bugun asosiy e’tibor standartlashtirish tizimini xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, mahsulot va xizmatlar, ishlab chiqarish jarayonlarining sifati, tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, yetuk mutaxassislarni tayyorlashda xorijiy ko‘nikmalardan foydalanish hamda hamkorlikning samarali tizimni joriy etish maqsadida axborot texnologiyalariga asoslanga yechimlarni yo‘lga qo‘yish, tashkilotlarning ilmiy salohiyatini oshirish va sohada ilmiy darajali kadrlarni ko‘paytirish yo‘lida doktorantura va mustaqil izlanuvchilik asosida sohada faoliyat yuritayotgan yoshlarni ilmiy izlanishga yo‘naltirish, ilmiy-texnik loyihalar borasida amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilangan.
Umuman olganda, standartlashtirish tizimini takomillashtirish yo‘nalishida boshlangan hamda amalga oshirilayotgan harakatlar O‘zbekistonga jahon mahsulot va xizmatlar bozori bilan faol hamkorlik qilish, iqtisodiyotni samarali rivojlantirish imkonini beradi.
Eng muhimi, bu – sohada ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf qilish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish, sanoatni zamonaviylashtirish hamda ishlab chiqarish va iste’mol jarayonlari xavfsizligini ta’minlab, mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga imkoniyat yaratadi.
Doniyor QODIROV,
O‘zbekiston standartlar
instituti direktori.
O‘zA