French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Standartlashtirish sohasida ASTM International bilan hamkorlik hujjati imzolandi
18:28 / 2026-01-23

AQSHning Vashington shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda ASTM International o‘rtasida standartlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘ldi.

Muzokaralarda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish tajribasi hamda sifat infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlariga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish va mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikada neft-gaz va boshqa strategik tarmoqlarda 400 ga yaqin ASTM standartlari qo‘llanilmoqda. Kelgusi 2026 yilda esa sanoat sohalari ehtiyojlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha 300 ta standartni joriy etish rejalashtirilgan.

Uchrashuv doirasida Toshkent shahrida malaka oshirish treninglari va amaliy seminarlar o‘tkazish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda muvofiqlikni baholash tizimini mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar standartlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tegishli hujjatni imzoladi.

O‘zA