Standartga mos kelmaydigan elektr jihozlari aniqlandi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan shahardagi savdo nuqtalarida sotilayotgan ayrim maishiy elektr jihozlari yuzasidan nazorat xaridi o‘tkazildi. Xususan, “Ayuba” rusumli elektr isitish pechi hamda “Hot Plate” elektr plitasi laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlar amaldagi texnik reglamentlar, markirovka talablari va davlat standartlariga javob bermasligi aniqlandi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bunday talabga javob bermaydigan elektr jihozlaridan foydalanish elektr toki urishi, kabelning ortiqcha qizishi hamda yong‘in kelib chiqishi kabi jiddiy xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mas’ullar aholiga maishiy texnika xarid qilishda mahsulot sifati, xavfsizlik talablari va sertifikatlariga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etmoqda.
Hamroz Bayanov,
O‘zA