Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Standart talablarga javob bermagan maishiy texnikalar savdodan olindi
14:10 / 2026-03-03

Surxondaryo viloyatida iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida maishiy texnika savdosi ustidan navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida ayrim mahsulotlar belgilangan texnik va sifat talablariga javob bermasligi aniqlanib, ularni savdodan chiqarish chorasi ko‘rildi.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining viloyat bo‘limi tomonidan Termiz shahridagi “Indenim” savdo markazida joylashgan savdo nuqtalarida nazorat xaridi amalga oshirildi. Jarayonda “SWTCHBLANDE” savdo belgili elektr britva hamda “GW-6539” rusumli soch quritgich namunalar sifatida olinib, laboratoriya tahliliga yuborildi.

Tahlil xulosalariga ko‘ra, har ikki mahsulot ham amaldagi standart talablariga to‘liq mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, “SWTCHBLANDE” elektr britvasida markirovka talablari, mexanik mustahkamlik hamda vint va biriktiruvchi detallar bo‘yicha kamchiliklar aniqlangan.

“GW-6539” soch quritgichida esa iste’mol qilinadigan quvvat va tok kuchi ko‘rsatkichlari belgilangan me’yorlarga mos emasligi, shuningdek, markirovka mustahkamligi talab darajasida emasligi qayd etilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan savdo shoxobchalariga ogohlantirish xatlari taqdim etildi. Shuningdek, mazkur mahsulotlarni savdodan chiqarish bo‘yicha tegishli taqdimnoma kiritilib, qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilmoqda.

Hamroz Bayonov, O‘zA