Bugun poytaxtimizda tashkil etilgan matbuot anjumanida “STADA” kompaniyasining 2025 yil yakunlari va kelgusi vazifalari muhokama qilindi.
Unda “STADA” kompaniyasining Yevrosiyo mintaqasidagi vitse-prezidenti Arminas Matsevichus, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” subklasteri rahbari Baxtiyor Hojimuhamedov so‘zga chiqib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik, kompaniyaning amalga oshirgan ishlari va rejalari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi eng muhim tendensiyalar ham alohida qayd etildi. 2024 yil dekabrdan 2025 yil noyabrgacha bo‘lgan davrda mamlakat bozori Yevroosiyo mintaqasida yetakchi maqomini saqlab qolgan va shu bilan birga eng jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda “STADA” kompaniyasining asosiy maqsadi bemorlar va shifokorlar uchun davolashni qulay va samarali tashkil etishdir. Buning uchun u kundalik salomatlik uchun retseptsiz yechimlar, jenerik va ixtisoslashgan preparatlar yo‘nalishini rivojlantirmoqda.
Baxtiyor Hojimuhamedovning ta’kidlashicha, ushbu strategiya doirasida kompaniya biologik preparatlar yo‘nalishini izchil rivojlantirib, bemorlar uchun zamonaviy terapiya turlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
– 2024 yilda “STADA” ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda eng birinchilaridan bo‘lib, mamlakatda ilk bor oftalmologiya uchun biosimilyar sinfidagi preparatni taqdim etdi. 2025 yilda esa biz rivojlanishni davom ettirib, onkologiya sohasidagi yechimni olib chiqdik. Ushbu preparat bemorlar uchun davolash imkoniyatlarini kengaytiradi va shifokorlarga qo‘shimcha tanlov vositasini taqdim etadi. Biz ushbu preparatning bozorda mavjudligi ko‘proq odamlarning o‘z vaqtida zaruriy davolashini ta’minlashiga umid qilamiz, – dedi u.
Shuningdek, tadbirda mutaxassislar 2025 yilda kardiologiya yo‘nalishidagi pozitsiyalarini ham mustahkamlaganini ta’kidladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, “STADA” O‘zbekiston bozorida rivojlanishni davom ettirish va professional hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA