Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SSV: Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan dorixonalarga qarshi qat’iy choralar ko‘riladi
20:04 / 2021-06-21

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi shunchaki qonun buzilishi holati emas. Bu ayni paytda hudud aholisining tinchligi va oilaviy xotirjamligiga ham tahdiddir. Xususan, poytaxtimizning ba’zi hududlarida psixotrop moddalari savdosi avj olgani bu joylarning kechki manzarasiga salbiy ta’sir etmoqda. Bu hududlarda yashovchi o‘smir yigit-qizlarning tarbiyasi, kichik yoshli bolalarning emin-erkin yurishlari uchun ham bu kabi noqonuniy moddalarning tarqalishiga chek qo‘yish zarur.

Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2019 yilning 1 dekabridan boshlab, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan (yulduzcha bilan belgilangan) alohida dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Hozirgi kunda yurtimizda 14 mingdan ziyod dorixona faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, shundan 2360 tasi poytaxtimizda joylashgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Toshkent shahar bo‘linmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida joriy yilning 16 iyun kuni Toshkent shahrining Chilonzor va Uchtepa tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasi bilan bog‘liq 37 ta holat aniqlandi. Unda jami 62 337 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi.

Shundan murojaatda ko‘rsatilgan hududlarda jami 9 ta dorixonada tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, noqonuniy muomaladan 2 518 dona nazorat ostidagi dori vositalari olindi.

Yuqorida aniqlangan holatlarda aksariyat dorixonalar dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan noqonuniy faoliyat yuritgan. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Surishtiruv natijalariga qo‘ra, aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

— Muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi va litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor Ismatjon Azizov.

Shu o‘rinda , O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186.3-moddasiga muvofiq, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini takroran buzganlik uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishini eslatib o‘tamiz.

Shu bois, barcha tadbirkorlardan dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash va realizatsiya qilmaslikka chaqirib, aholining sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlash hamda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda birga harakat qilish kerakligini ta’kidlaymiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati