French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SSV elektron platformasining «Vaziyatlar markazi» ochildi
16:28 / 2024-07-09

Yaqinda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida «Elektron poliklinika», «Elektron statsionar» va «Elektron retsept» tizimlari shu yil oxirigacha to‘liq yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlangan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron platformasining «Vaziyatlar markazi» ochilishi ushbu tizimlarni o‘zaro integratsiya qiladigan asosiy platforma vazifasini bajaradi.

Markazning ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A.Xudoyorov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova, Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va boshqa tegishli vazirlik, idoralar mas’ullari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish orqali boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-tamoyillarni qisqartirish, aholiga xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlikda qator loyihalar ustida ish olib borilyapti.  

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 dekabrdagi «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan yangi situatsion markaz shulardan biridir.  

SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, eng avvalo, ushbu markazning tashkil etilishi natijasida sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz joylardagi axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlab, unda respublikadagi 1700 dan ortiq tibbiyot muassasalarining ma’lumotlar bazasini real vaqt rejimida ko‘rish va tahlil qilish imkoniyati mavjud.  

Ma’lumki, Sog‘liqni saqlash vazirligida 50 dan ortiq axborot tizimlari mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida o‘zaro integratsiyalashuv bo‘lmagani sohadagi eng katta muammolardan biri edi. Ko‘rilgan choralar natijasida hozir o‘zaro integratsiyalashuv 30 foizni tashkil qilmoqda. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 70 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, biron-bir axborot tizimida nosozlik, texnik uzilish yuzaga kelsa, uni shifokor yoki hamshiralarni ovora qilmasdan, markaz orqali tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish mumkin bo‘ladi.  

Bundan tashqari, yangi tizim bemorlar tibbiyot muassasalarida uzundan-uzun navbat kutmasdan, shifokor qabuliga onlayn yozilishi, ular tomonidan skrining va tekshiruvlarni o‘tkazish jarayonlarini tashkil etishda bosh platforma bo‘lib xizmat qiladi.

M.Qosimova, O‘zA