O‘zsanoatqurilishbank jurnalistlarni Namangan viloyatidagi eng yirik eksportchi korxona faoliyati hamda Bankning Namangan mintaqaviy tarmog‘ida amalga oshirilgan transformatsiya ishlari natijasi bilan tanishtirdi.
Prezidentimizning 2021 yilning 7 sentyabrdagi “Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida tadbirkorlarning shu sohadagi muammo va takliflari inobatga olinib, ularga qator imtiyozlar berildi.
Ushbu hujjatga asosan O‘zsanoatqurilishbankdan kredit olib, o‘z moliyaviy salohiyatini oshirgan va eksport borasida yuqori natijalarga erishayotgan korxonalar har bir hududda mavjud.
Namangan shahridagi yengil turdagi avtomobillar uchun yoritish chiroqlari ishlab chiqaruvchi “UzChasys” O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi shular sirasiga kiradi.
– Korxonamiz 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida texnologik jihozlash ishlariga 30 mln. dollarga yaqin mablag‘ sarf qilindi, – deydi “UzChasys” qo‘shma korxonasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ahrorbek Qahhorov. – Shu kunga qadar “UzAuto Motors” avtomobillari qatorida Braziliya, Ukraina va Qozog‘iston uchun yoritish chiroqlari yetkazib bergan bo‘lsak, yangi liniya ishga tushirilishi bilan eksport geografiyamiz Fransiyaning yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalaridan biri – “Peugeot” hisobiga kengaydi.
Ta’kidlanishicha, “UzChasys”ning eksport salohiyati joriy yilning birinchi yarmida 4 mln. dollarga yetgan.
O‘zsanoatqurilishbank “UzChasys”ning doimiy hamkoriga aylangan. Xususan, shu yilning o‘tgan davri mobaynida korxonaga 6 marotaba jami 6 mln. 550 ming yevrodan ziyod korxona aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kreditlar ajratildi.
Press-tur davomida jurnalistlar O‘zsanoatqurilishbankning hududiy tarmoqlaridagi transformatsiya natijalari bilan Namangan mintaqaviy bank xizmatlari ofisi (BXO) misolida tanishishdi.
BXOda matbuot anjumani tashkil etilib, tarmoqning o‘tgan 9 oylik faoliyati sarhisob qilindi. Bank mahsulotlari sotuvi, mijozlar va ularning onlayn xizmatlardan foydalanish ko‘lami, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, bankning mazkur viloyatdagi infratuzilmasi tarkibida “Loyihalar fabrikasi” alohida o‘rin tutadi.
– Biz o‘z biznesini boshlayotgan hamda faoliyatini kengaytirish maqsadida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga biznes reja tuzishdan boshlab uning texnik asoslarini ishlab chiqish va ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda yordam ko‘rsatayapmiz, – deydi BXO boshqaruvchisi Mirzaolim G‘aybullayev. – Shuningdek, tumanlarda biznes yuritish imkoniyatlarini o‘rganib, ularning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilib borayapmiz. Hozirda moliyalashtirayotgan loyihalarimizning aksariyati mazkur tartibdagi o‘rganishlar natijasida shakllantirilgan.
Matbuot anjumanida, shuningdek, Pop tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, Yangiqo‘rg‘on tumani “Nanay” qishlog‘ida turizmni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti namoyish etildi.
Bank Axborot xizmati