English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportsevar yoshlar safi kengaymoqda
18:50 / 2015-02-25

Bolalar sportini rivojlantirish bo‘yicha Navoiy viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 2003-2014-yillarda viloyatda 82 sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bolalar sportini rivojlantirish bo‘yicha Navoiy viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 2003-2014-yillarda viloyatda 82 sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi. 120 turdagi sport anjomlari bilan jihozlangan ushbu obyektlarning yetmish bittasi qishloqlarda qad rostlagani chekka hududlarda sportni yanada rivojlantirish va iste’dodli o‘g‘il-qizlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda viloyatda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 55 ming nafar bola sport bilan muntazam shug‘ullanayotir. 

– O‘tgan yili chekka tumanlarda oltita sport inshooti qurilib, yoshlar ixtiyoriga topshirildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining Navoiy viloyati filiali direktori Ulug‘bek Jabborov. – Xususan, Xatirchi, Qiziltepa, Navbahor va Nurota tumanlarida sportning voleybol, basketbol, futbol, gimnastika va kurash turlariga ixtisoslashgan zallar, bolalar va o‘smirlar sport maktabi qurildi. Zarafshon shahridagi sport maktabi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Zero, ta’lim muassasalarida yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan bunday zamonaviy sharoitlar ularning sog‘lom va baquvvat bo‘lib kamol topishida muhim o‘rin tutadi. 

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar samarasida sportsevar yoshlar safi kengayib, sport to‘garak va seksiyalari ko‘paymoqda. Bir paytlar viloyatdagi sport inshootlarida yoshlar sportning 7-8 turi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich yigirmadan oshdi. 

– Davlatimiz rahbarining bolalar sportiga qaratayotgan alohida e’tibori bizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yangi marralar sari ruhlantirmoqda, – deydi Konimex tumanidagi 8-bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Nurjan Serikov. – Sportga mehr qo‘yib, bir qator muvaffaqiyatlarga erishdim. O‘tgan yili boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi safiga qabul qilindim. Xorijda o‘tkazilgan xalqaro turnirda 48 kilogramm vazn toifasida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Maqsadim – xalqaro arenalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish, yanada yuksak marralarni zab etish. 

Viloyatda joriy yil Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan yettita sport inshooti quriladi. Jumladan, Uchquduq tumanida bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Qiziltepa, Xatirchi, Konimex va Karmana tumanlaridagi umumta’lim maktablarida sport zallari bunyod etilishi rejalashtirilgan.