Buyuk Britaniyaning Regbi shaharchasi nomidan olingan mazkur sport turiga yurtimizda o‘sib kelayotgan yoshlar orasida qiziqish ortmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston regbi federatsiyasi tashabbusi bilan Namangan viloyatining Pop tumanidagi 1-son sport maktabida bo‘lib o‘tgan Regbi-7 bo‘yicha o‘smirlar (“U-13”) o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati buning yorqin misolidir.

2002-2014 yillarda tavallud topgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur musobaqada respublikamizning turli hududlaridan saralangan havaskor regbichilar g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.

Qiriq daqiqadan ikki bo‘limdan iborat o‘yindan maqsad to‘pni bir-biriga qo‘lda (orqaga) yoki oyoqda (xohlagan yo‘nalishda) oshirib, uni raqib maydonidagi darvoza chizig‘i orqasiga tushirish yoki darvozaga kiritishdan iboratdir.


Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasida Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati vakillarini ortda qoldirgan namanganlik regbichilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qizlar ishtirokidagi o‘yinlarda Xorazm va Navoiy viloyatlari jamoalaridan ustun kelgan Toshkent viloyati jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning barcha g‘olib va sovrindor jamoalari munosib ravishda rag‘batlantirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.