Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, shu orqali aholi salomatligini mustahkamlash xususida alohida to‘xtaldi. Jumladan, Prezidentimizning:
“... jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish – aholi salomatligini ta’minlashda muhim omildir.
Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda maxsus piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi.
Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkaziladi.
Sport haqida gapirganda, yana bir muhim vazifa oldimizda turganini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Yaqinda Osiyo olimpiya kengashi 2025 yilda Yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu mamlakatimizga ko‘rsatilgan katta ishonch, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ayni vaqtda buning mas’uliyati ham katta ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Qit’amiz miqyosidagi ushbu musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim” degan so‘zlari sportga, sportni rivojlantirishga, yurtimiz sportining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga qaratilgan alohida e’tibordir.
Bu e’tibor sportchilar, sport sohasi vakillari, mutasaddilarini albatta, quvontiradi, shu bilan birga, zimmalariga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Chunki sport turlari ommaviyligini ta’minlashda ularning o‘rni va roli nihoyatda katta. Ana shundan kelib chiqib, biz sportchilar, shu soha vakillari sportning ommaviyligini oshirishda doimo faol va fidoyi bo‘lishimiz lozim.
Shu o‘rinda yurtimizning barcha hududlarida sportn, ayniqsa, milliy va olimpiya sport turlarini rivojlantirish, bolalar va o‘smirlar hamda ixtisoslashtirilgan sport maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahoratli yosh sportchilar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganligini alohida e’tirof etishim kerak.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ibratli ishlarga o‘zim faoliyat yuritayotgan maktab-internat faoliyati bir misol bo‘la oladi. Yakunlangan yilda maktabimiz zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi binoga ko‘chib o‘tdi. Ayni kunda 300 nafarga yaqin yigit-qiz tahsil olayotgan maktabimizda o‘quvchilarning puxta bilim olishi, milliy va olimpiya sport turlari sirlari hamda texnikasini mukammal egallashlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan sportga, sportning ommaviyligini oshirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor yaqin yillar ichida o‘zining ijobiy samarasini beradi. Ishonch bilan ayta olamanki, yoshlarimiz nafaqat mamlakat, balki xalqaro sport maydonlarida yuqori natijalarga erishadi, qolaversa, sport bilan muntazam shug‘ullanish orqali har bir yurtdoshimiz sog‘lom va baquvvat bo‘ladi.
Rustamjon SOBIROV,
Andijon shahar olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha
ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori