Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati
14:35 / 2025-10-23

“Olimpiya shaharchasi”da "Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ahamiyati" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Olimpiya shaharchasida” barpo etilgan “Velodrom”, “Markaziy o‘yingoh”, “Suv sporti”, “Jamoaviy sport turlari” hamda “Yakkakurash sport turlari” binolari va ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, so‘nggi yillarda davlat byudjeti hisobidan sport sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshdi. Sohani tartibga soluvchi huquqiy baza yanada takomillashtirildi. O‘zbekistonning milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Birgina sport sohasidagi islohotlar natijasi "Parij-2024" Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida bo‘y ko‘rsatdi. Olimpiadachilarimiz 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Parasportchilarimiz esa 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ilk bor 13-o‘rinni egalladi.

Eng asosiysi, bu natijalar yoshlarimiz va ota-onalarning sportga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi. Ko‘plab yoshlarda “Men ham chempion bo‘laman!” degan ishonch va shijoat paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda mahalla darajasidan boshlab yoshlarni ommaviy sportga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangicha tizim va yondashuv asosida o‘tgan yilda ommaviy sport bilan qamrab olingan aholi soni 10 million nafarga yetdi.

Joriy yil yakuniga qadar jami 378 ta sport maydonchalari nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilib, asosan umumta’lim maktablari hududlarida barpo etildi. 2030 yilgacha esa shunday sport maydonchalarining soni 5 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ahamiyati, sohada barcha zarur shart-sharoitlarning yaratilgani, bu boradagi ishlar bilan bir qatorda mavjud muammolar va istiqbolli chora-tadbirlar yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.

Tadbir yakunida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda, sohadagi mavjud muammolar va o‘z yechimini kutayotgan istiqbolli chora-tadbirlar yuzasidan deputatlarni qiziqtirgan savollariga javob berildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA