Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Andijon viloyati sport boshqarmasi mutasaddilari, sport maktablari direktorlari hamda sport federatsiyalari rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda viloyatda sportni, sport maydonlari va infratuzilmasini yanada rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining mintaqaviy va hududiy bosqichlarida erishilgan natijalar tahlil qilindi. Olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarni sportga yanada kengroq jalb etish, yutuq va natijalar salmog‘ini yuksaltirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Mamlakat, xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida andijonlik sportchilar munosib ishtirok etmoqda, - deydi Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov. – Natijalar yaxshi, lekin bundan-da yuqori natijalarga erishish uchun mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanishimiz, yoshlar sporti rivojiga alohida e’tibor qaratishimiz muhimdir.

Yig‘ilishda sport infratuzilmasini yaxshilash, sohasini yangi bosqichga olib chiqish, yosh sportchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda xalqaro maydonda O‘zbekiston sportining nufuzini oshirish muhim ekanligi alohida qayd etildi.
Yakunda viloyatda sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari