Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportni ommalashtirish yangi O‘zbekiston poydevori mustahkamlanishiga xizmat qiladi
17:16 / 2022-06-01

Dunyoda davlatlarning, xalqlarning jahon tamaddunidagi mavqei iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy kuch-qudrati, milliy-madaniy merosi, geografik joylashuvi bilan bir qatorda jismoniy tarbiya va sportdagi ko‘rsatkichlari, xalq salomatligi, ommaviy musobaqalarga aholining e’tibor hamda qiziqishi bilan belgilanadi.

Sir emas, bugun xalqaro maydonda sport harakati, olimpiya medallari uchun “kurash poygasi” har qachongidan ham o‘zgacha va shiddatli kechmoqdaki, buning ortida xalq salomatligini mustahkamlash bilan birga, eng avvalo, davlat dovrug‘ini, uning intellektual salohiyatini ko‘rsata olish, mamlakat qudratini xalqaro maydonda mustahkamlashga qaratilgan. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya yoki yaqin yillardan e’tiboran xalqaro sport olamida “borligini” ko‘rsata boshlagan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, olis Afrika davlatlari ham bu yo‘lda yetakchilikka erishish, ular safidan tushib ketmaslik yoki shu qatorga qo‘shilish harakatida doimiy tarzda izlanishlar olib bormoqda. Albatta, ularning har birida jismoniy tarbiya va sport taraqqiyoti o‘zining boshqalarga o‘xshamagan qutblariga, evrilishlarga hamda strategik maqsadlariga ega.

Agar shu tamoyillardan kelib chiqilsa, O‘zbekiston sportining taraqqiyot yo‘li biz e’tirof etib keladigan 30 yillik yoinki sobiq ittifoq davri bilangina cheklanib qolmaydi. Uning rivojlanish, dunyo sport harakati bilan uyg‘unlashish jarayonlari uzoq o‘tmishga borib taqaladiki, biz ko‘p hollarda XX asr narisidagi “sport harakati”ning ajdodi bo‘lgan xalq o‘yinlari, alohida bellashuvlar, o‘sha davrlardagi davlatlar, ellar o‘rtasidagi musobaqalashishlarni negadir eslamaymiz.

Davlatimiz rahbari bundan uch yilcha muqaddam katta bir anjumanda dunyodagi barcha xalqlar, davlatlar o‘z tarixini ulug‘lashi, lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, hali o‘rganilmagan jabhalari ko‘pligi, uning barcha bo‘g‘inlarini tahlil etish, dunyo hamjamiyatiga yanada kengroq bu haqda yetkazishimiz lozimligini aytib o‘tgandi.

O‘sha o‘rganilmagan jihatimizdan biri aynan o‘tmishda xalqimizning jismoniy faolligi, musobaqalar tashkil etganligi, turfa xil xalq o‘yinlarini yaratganligidir.

Birgina Ibn Sino, Pahlavon Mahmud yoki Amir Temur bobomiz misolida bu jihatlarni anglash mumkinki, bugun Yangi O‘zbekistonning yangi yuksalishi bo‘yicha ishlab chiqilgan tamoyillar, Uchinchi Renessans g‘oyasining ilgari surilishi tub negizida ham ana shu ezgu maqsadlar yo‘g‘rilgan.

Prezidentimiz raisligida 23 may kuni sportni ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi muhim vazifalar belgilandi. 

Aytish lozimki, yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasining normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish yo‘nalishida 2022 yil davomida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta Farmoni, 5 ta qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori ishlab chiqildi.

Nega buni aytayapman? Sport sohasiga tegishli xujjatlar mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga, aholini faol turmush tarziga yo‘naltirishga xizmat qilishi bilan shaharu qishloqlarimiz, guzarlar va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilashga, millat genofondini sog‘lomlashtirishga qaratilganki, bu jamiyatning barcha bo‘g‘inlariga yangi ob-xavo olib kirishiga zamin yaratadi, deganidir.

Videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Bunda umumrespublika sport musobaqalari “tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Ayni yo‘nalishning joriy etilishi uchun yurtimizda barcha zarur vositalar, moliyaviy manbalar allaqachon yaratilgan. Faqat bundan unumli va samarali foydalanilmog‘i lozim. Zotan, so‘nggi besh yilda davlatimiz tomonidan sportni rivojlantirishga qariyb 4 trillion so‘m yo‘naltirilib, 118 ta yangi yirik sport ob’ekti foydalanishga topshirilgan va 110 ta ob’ekt rekonstruksiya qilingan.

Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida sohada kadrlar qo‘nimsizligi, belgilangan vazifalar ijrosiga yuzaki qarash, ilg‘or tajribalar joriy etilmasligi oqibatida sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga mos bo‘lmadi.

Respublikadagi 279 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabining 190 tasida 36 ta olimpiya sport turidan bor-yo‘g‘i 10 tasi o‘rgatiladi. Nega shunday? Bugun yurtimiz sportchilari o‘tgan 7-8 ta olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan 34 ta sovrinli o‘rinlarni tahlil etganda joylardagi, ayniqsa, viloyatlarda o‘tkazilayotgan musobaqalarga davlat byudjetidan belgilangan mablag‘larning 50 foizi, ayrim hollarda to‘lig‘icha noolimpiya sport turlariga yo‘naltirilgan. Agarki, ular milliy sport turlarimiz taraqqiyotiga sarflanganda ham boshqa gap edi.

Ma’lumki, milliy sport turlarimiz, xususan, kurashni sport turiga aylantirish, uni xalqaro maydonga olib chiqish uchun chet mamlakatlarda o‘tkazilayotgan tadbirlar to‘lig‘icha davlatimiz tomonidan moliyalashtiriladi. Bu o‘zligimiz, qadriyatlarimiz targ‘iboti uchun muhim masaladir. Shu sa’y-harakatlar tufayli kurash Osiyo o‘yinlari maqomiga ko‘tarildi. Bugun besh qit’aning 130 ga yaqin mamlakatiga kurash O‘zbek sporti sifatida kirib bordi.

Lekin, taassufki, biz shunday ishlarni amalga oshirayotganimizda yurtimizda xalqimiz rizqi bo‘lgan davlat mablag‘lari hisobidan boshqa mamlakatlarning milliy o‘yinlarini yoki 2-3 ta davlatda bor bo‘lgan sport yo‘nalishlarini davlat mablag‘lari hisobidan rivojlantirish, musobaqalar o‘tkazish hollari uchrab turibdi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, shunday sport yo‘nalishlari yurtimizda 34 tani tashkil etadi.

Albatta, O‘zbekistonda har qanday sport turini rivojlantirishga, bu orqali aholi salomatligini mustahkamlashga, musobaqalar o‘tkazishga barchamiz xayrixohmiz. Biroq, bunday sport turlari bo‘yicha musobaqalar, tadbirlar tashabbuskorlik, homiylik, tashqi mablag‘lar evaziga tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan 9 ta olimpiya sport turi bo‘yicha besh bosqichli musobaqalar joriy etilganligi yoshlarning sport bilan qamrovi 1,3 baravar oshishiga, tizimli shug‘ullanuvchilar soni 520 ming nafarga yetishiga xizmat qiladi. Mahallalarda musobaqalarning aprel-iyun, sentyabr-dekabr oylarida tashkil etilishiga erishish esa iqtidorli yosh sportchilarni tanlash imkoniyatini yanada oshiradi. Qolaversa, belgilangan mazkur ikkita mavsum terma jamoalarda avlodlar almashinuviga ham mos keladi.

Shu o‘rinda aytish joiz, terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda qatnashishi uchun barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlar yaratib berilayotganiga qaramay, olimpiya sport turlari bo‘yicha qit’a va jahon chempionatlarida yil davomida atigi 5-6 nafardan sovrindor chiqayotganligining tub sababi 6 ta oliy sport mahorati maktabi, 32 ta olimpiya sport federatsiyasi olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlash o‘z holiga tashlab qo‘yilganligidadir.

Darhaqiqat, olimpiya kollejlaridagi axvol ham federatsiya va sport maktablaridagi holatdan deyarli farq qilmaydi. Ular o‘rtasida “zanjir”ning yo‘qligi, seleksiya ishlarining belgilangan tartibda olib borilmaganligi oqibatida mavjud mummolarga ro‘baro‘ kelib turibmiz.

Prezidentimiz ko‘rsatib o‘tganidek, olimpiya kollejlaridagi 9 mingga yaqin sportchilarning 21 foizi milliy terma jamoaga kira olgani sohadagi ishlarni tubdan yangilash lozimligini anglatmoqda.

Shu bois, sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi bugungi kunning muhim vazifasi ekanligini vaziyat taqozo etmoqdaki, bunda so‘zsiz ommaviy sportni rivojlantirish, eng avvalo, mahalla-tuman kesimidagi quyi bosqich musobaqalariga e’tibor qaratish, joylardagi murabbiy va mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro ilg‘or tajribalarni keng joriy etish borasida kompleks loyihalar ishlab chiqiladi.

Bunda, aytib o‘tilganidek, xorijiy mamlakatlarning sport harakatiga ilk bosqichdagi e’tiborini o‘rganish, yurtimiz sportining rivojlanish tamoyillari qadim tariximiz bilan chambarchas bog‘liqligiga e’tibor berish, ushbu jihatlarni tahlil etish asnosida Yangi O‘zbekistonning yangi yuksalishi, uchinchi Renessans g‘oyasining poydevorini mustahkamlashga zamin bo‘lishi shubhasiz. Ayni tizimning samarali faoliyat ko‘rsatishi kelajakda xalqimizning salomatlik darajasini oshirishga, olimpiya va qit’a o‘yinlarida, jahon chempionatlarida O‘zbekiston bayrog‘i yanada yuksalishiga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori oshishiga xizmat qiladi.

Adham IKROMOV,

Sportni rivojlantirish vaziri.

O‘zA