«Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan uzoq yillar turli sohalarda samarali mehnat qilgan yurtdoshlarimizga «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishon topshirish an’ana tusiga kirdiki, bu – faxriylarga ko‘rsatilayotgan ehtiromdan dalolat.
Tashkilot Vasiylik kengashi bu yil ham bir guruh vatandoshlarimizni mazkur ko‘krak nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilgandi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruv raisi, O‘zbekiston qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, «Nuroniy» jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ishtirokida mukofotga loyiq ko‘rilgan sport sohasi vakillarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in suhbatlarga boy bo‘lgan marosim davomida umrining katta qismini o‘zbek sporti rivojiga baxshida etgan Bahodir Nazirov, Rahmonberdi Ahmedov, Arslon Ilov, Larisa Pavlova, Svetlana Babanina kabi 13 nafar sportimiz fidoyilariga I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni va pul mablag‘lari topshirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA