“Mahalla” xayriya jamoat fondi aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sport va sog‘lom turmush targ‘ibotini olib borish bilan bir qatorda, fondning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari ishchi-xodimlari o‘rtasida turli sport musobaqalarni tashkil etishga ham e’tibor qaratmoqda.
Namanganda “Mahalla” fondi viloyat va hududiy bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi, shuningdek, “mohir hujumchi” va milliy o‘yinlardan iborat musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Olimpiya tizimida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda qur’a asosida raqiblar aniqlandi. Shaxmat va shashka aqlni, xotirjamlikni shakllantirsa, kuch sinashish baquvvatlikni, darts omadni, stol tennisi va futbol chaqqonlikni talab qiladi. Bularning mujassamligi esa musobaqa ishtirokchilarining ham aqliy, ham jismoniy rivojlanishiga xizmat qiladi.

– Inson jamiyatda qadr topishi uchun avvalo, bilimli va sog‘lom bo‘lishi kerak, bu ikki muhim jihatga ustuvorlikda sportning ahamiyati katta, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ahmadjon Mukarramov. – Xodimlarimiz o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Buning uchun bo‘limlarimizda yetarli sharoitlar yaratib berilmoqda. Maqsadimiz tizimda “Sog‘ tanda – sog‘ aql” naqliga rioya qilish, hamkasblarimizni sportga doimo oshno bo‘lishlariga erishishdir. Musobaqalarning shaxmat turida Yangiqo‘rg‘on tumani, shashkada Mingbuloq tumani, stol tennisida Uchqo‘rg‘on tumani, dartsda turida Pop tumani, “mohir hujumchi” bellashuvida Uychi tumani xodimlari g‘olib bo‘ldi. G‘oliblarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA