French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportga e’tibor – sog‘lom millat kafolati
20:29 / 2025-05-30

Prezidentimiz boshchiligida joriy yilning 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularni rag‘batlantirish yuzasidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar asosida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam poydevoriga asos solindi.  Soha mutaxassislari va mutasaddilari, rahbar xodimlarga yaratilgan imkoniyatlarni to‘laqonli ishga solish orqali mamlakatda aholi jismoniy faolligini yuksaltirish va xalqaro sportdagi yutuqlarni yanada oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Har bir millatning kelajagi sog‘lom va barkamol avlodga bog‘liq. Sport esa nafaqat jismoniy tarbiya, balki vatanparvarlik va iroda maktabi hamdir. Mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish uchun oxirgi to‘rt yilda ajratilgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshirildi. 101 ta yirik sport inshooti qurilib, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Bu e’tibor samarasi o‘laroq Parij olimpiadasida yurtimiz sportchilari  bir qator yutuqlarga erishdi.

Prezidentimiz endi 2028 yil Los-Anjeles olimpiadasida O‘zbekiston sportchilarining kuchli o‘ntalikka kirishini maqsad qilib belgiladi. Buning uchun seleksiya tizimini yaxshilash, sport federatsiyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish va malakali murabbiylarni tayyorlash muhim vazifalardan biri etib belgilandi.

Bugungi kunda sportni har tomonlama rivojlantirish, xalqaro arenalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etishda OTMlarning o‘rni beqiyos. So‘nggi yillarda nafaqat poytaxtda, balki har bir viloyat markazida faoliyat olib borayotgan oliygohlar sport yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga juda katta e’tibor qaratmoqda. Mazkur tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etishda Jizzax davlat pedagogika universiteti ham faol ishtirok etayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. 

Yurtimizda juda qisqa muddatda oliy ta’lim tizimidagi muammolar bartaraf etilib, davr talablariga moslashtirildi. Yoshlarning oliy ta’limdagi qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetkazildi. Nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati uchun ham keng yo‘l ochildi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni sohada yangi sahifa ochishga zamin yaratdi. Unda intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish kabi vazifalar belgilab berildi.  Konsepsiya asosida OTMlarga qabul kvotasi ko‘paytirildi, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalari amaliyotga keng joriy etildi. 

Shuningdek, yoshlarni sportga jalb etish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini sport maktablari bilan hamkorlikda amalga oshirilganligi sababli qator yo‘nalishlarda samarali natijalarga erishildi. Xalqaro tajribalar asosida oliy ta’lim muassasalarida nazariy bilimdan ko‘ra, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga kuchli e’tibor qaratilmoqda. 

Talabalarda sport haqida, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda kreativ fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejalar ishlab chiqish va boshqa maqsadlarda oliy ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich akademik mustaqillik berilmoqda. Ayniqsa, moliyaviy mustaqillik ortidan ko‘p yillardan buyon qaddini ko‘tarolmay kelayotgan institut va universitetlar o‘z nufuzini tiklayapti. E’tiborlisi, har jihatdan mustaqil OTMlar xalqaro reytinglardan munosib o‘rin egallab, jahonda Yangi O‘zbekiston imijini shakllantirishga hissa qo‘shmoqda. 

Har bir ta’lim muassasasi talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam o‘tkazishga alohida e’tibor qaratayotgani ham alohida tahsinga loyiq. Ayniqsa, madaniy uchrashuvlar, sport musobaqalari, ijodiy to‘garaklar va ilmiy konferensiyalar orqali yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish odat tusiga kirgan. Biroq aksariyat talabalar mazkur imkoniyatdan to‘liq foydalanmayotganini ham aytib o‘tish joiz. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini qanday tashkil qilish va ularga yanada ko‘proq imkoniyat yaratish masalasi haqida chuqur o‘ylashni talab qiladi. Xo‘sh, bu borada nimalar qilishimiz kerak? Qanday jihatlar e’tiborga olinishi zarur?

Avvalo, har bir ta’lim muassasasida talabalarning bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani, ularga qaysi to‘garaklar yoki faoliyat turlari qiziq ekani, shuningdek, qanday yangi imkoniyatlarni istashi haqida so‘rovnomalar o‘tkazish ayni muddao. Ushbu so‘rovnomalar orqali talabalar orasida ilmiy, sport, ijodiy, madaniy yoki texnik yo‘nalishlarga qiziqish darajasini aniqlash mumkin. 

Bulardan tashqari, so‘rovnomalar davomida talabalarga shaxsini rivojlantirish uchun qanday mashg‘ulotlar, seminarlar yoki treninglar kerakligi haqida fikr bildirish imkoniyati ham taqdim etilishi kerak.

Bugungi ahvolni hisobga olsak, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun ko‘proq innovatsion yondashuvlar va yangi dasturlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Misol uchun, talabalar o‘rtasida jamoaviy sport musobaqalari, ilmiy va madaniy faoliyatga qiziqishni oshirish maqsadida interaktiv va zamonaviy usullarni qo‘llash mumkin. Bunda darsdan so‘ng tashkil etilayotgan to‘garak va kurslarni onlayn va oflayn tashkil etish lozim. Ayni tashabbus talabalar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Chunki ba’zi yoshlar shaxsiy va ijtimoiy sabablar tufayli darsdan keyin to‘garak yoki kurslarga qatnashishga qiynaladi. Onlayn to‘garak va kurslar bu borada qulay imkoniyat taqdim etadi. Sport bilan kechki va tongi mashg‘ulotlarda qatnashish talabalarda sport immunitetini oshirishga xizmat qiladi.

Shu kabi dasturlarni mobil ilova yoki veb-platformalar shaklida ishlab chiqish, talabalar uchun qulay va interaktiv tarzda taqdim etish lozim. Jismoniy tarbiya va sportga oid xalqaro konferensiyalar, vebinarlar yoki “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus” olimpiadasi va “Universiada” sport musobaqalari ham o‘tkazib borish ayni muddao. Buning natijasida talabalarda turli  musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu ularning dunyoqarashini kengaytiradi, bilimini boyitadi va jismonan sog‘lom qiladi. 

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun to‘garaklar nafaqat voleybol yoki basketbol yo‘nalishida, balki zamonaviy va amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatuvchi shaxmat, kiber sport turlari  kurslarini ham qamrab olishi kerak. Misol uchun, mobilografiya kurslarida zamonaviy texnologiyalar yordamida kiber sportga keng yo‘l ochilmoqda va   kontent yaratish asoslari o‘rgatiladi. 

Bugun talabalarning ko‘pida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga, ayniqsa sport to‘garaklarga qiziqish kamdek, nazarimda. Buning sabablaridan biri telefon yoki kompyuter o‘yinlari yoki yana ham yomoni, bo‘sh vaqtlarini shunchaki behuda o‘tqazmoqda. Bu esa ularning ma’naviy va sport tadbirlarda qatnashish imkoniyatini kamaytiradi. 

Hozir deyarli barcha oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy sport maydonchalari mavjud. Shunday bo‘lsada, talabalar orasida sportning zamonaviy shakllari, ayniqsa, fitnes va individual shug‘ullanishga qiziqish ortmoqda. Biroq OTMlar hududida yetarlicha jihozlangan sport zallari va fitnes markazlari bor bo‘lsada talabalar tashqaridagi  pulli sport zallariga borishni afzal ko‘rmoqda. Chunki u yerda hech qanday normativ talab qilinmaydi, shug‘ullangan soatiga pul to‘lasa bas. Oliygohlarda esa murabbiy nazoratida bo‘lib belgilangan normativlarni bajarish talab qilinadi. 

Xorijdagi universitetlar tajribasiga nazar solsak, oliy ta’lim muassasasining o‘zida zamonaviy sport zallari, fitnes va yoga markazlarini tashkil etilganini ko‘rish mumkin. Talabalarda o‘qish mobaynida stress, xavotir kabi ruhiy holatlar bo‘lishi tabiiy hol. Imtihonlar, akademik talablar va shaxsiy muammolar ularning ichki holatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois, ko‘plab rivojlangan davlatlarning yetakchi oliygohlarida talabalar uchun psixologik maslahat markazlari va sport to‘garaklari  faoliyat yuritadi. Bu markazlar nafaqat stress va depressiyani yengishda yordam beradi, balki talabalarning ma’naviy-ruhiy kamolotiga ham xizmat qiladi. 

Shu o‘rinda talabalarga ma’naviy va psixologik jihatdan yordam berish uchun psixologik maslahat va motivatsion treninglar o‘tkazishga mo‘ljallangan ma’naviy va ruhiy barqarorlik markazlari tashkil etish, stressni kamaytirish bo‘yicha ma’rifiy seminarlar o‘tkazish hamda ruhiy salomatlikni mustahkamlash orqali ma’naviy-ruhiy kamolotni oshirishga xizmat qiluvchi mashg‘ulotlarni joriy qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga talabalarga sport maslahat xizmatlari yoki yoga sport turini ko‘rsatish ham samara beradi. Bu kabi loyihalar ma’naviy-ma’rifiy jihatdan talabalarning ruhiy holatini barqarorlashtirish, ruhlantirish va o‘quv jarayonini to‘g‘ri davom ettirishga yordam beradi. 

Sport va sog‘lom turmush tarzi inson tafakkurini kengaytirib, tanqidiy fikrlashni shakllantiradi hamda yangi bilimlarni olishni o‘rganishga turtki beradi. Shu sababli jahonning nufuzli universitetlarida kitob mualliflari bilan uchrashuvlar va adabiy tadbirlarni muntazam o‘tkazish odat tusiga kirgan. 

Jumladan, Barcyelona va Nottingem universitetlarida vatanga sadoqat, millat ruhini singdirishda taniqli sportchilar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu tadbirlarda talabalar sportchi bilan bevosita suhbatlashish, taniqli sportchi bilan shu sport turidagi yutuq va muammolarni muhokama qilish va ijodiy fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Bunday uchrashuvlarning afzalliklari ko‘p. Talabalarning sport immunitetini  oshirish, tanqidiy fikrlash va tahliliy yondashuvini rivojlantirish hamda “sog‘lom millat sog‘lom hayot” g‘oyasini yanada teran tushunishiga xizmat qiladi. Shu sababli ta’lim muassasalarida muntazam sport klublari tashkil etish, taniqli sportchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda talabalarning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirish maqsadga muvofiq. 

To‘g‘ri, bizda ham taniqli sportchilar bilan uchrashuvlar tashkil etib boriladi, ammo bu uchrashuvlarda sportchining tarjimai holi, erishgan muvaffaqiyatining omillari va qisqagina master klassdan nari o‘tilmaydi.

Ilmiy va professional rivojlanishda muvaffaqiyatli insonlar tajribasi bilan tanishish ham talabalar uchun juda foydali. Bunday tadbirlar orqali talabalar muvaffaqiyat sirlari va kasbiy o‘sish yo‘llarini o‘rganadi, hayotiy tajriba orttirish va qiyinchiliklarni yengish bo‘yicha saboqlar oladi. Yosh sport targ‘ibotchilarni paydo bo‘lishi va uni rag‘batlantirish talabalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilishda juda foydalidir, deb o‘ylayman.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sportga kirib kelayotgan har bir yoshga imkoniyat yaratish, ularni rag‘batlantirish va kelajakda O‘zbekiston nomini xalqaro arenalarda yanada yuksaltirish – umumiy vazifamiz bo‘lmog‘i shart va lozim. 

Shavkat Sharipov,

Jizzax davlat pedagogika

universiteti rektori, professor

O‘zA