Bu haqda Farg‘ona viloyat hokimi aytib o‘tdi
Ma’lumki, davlatimiz rahbari raisligida sport ta’limini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandan so‘ng joylarda mazkur masala mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Farg‘onada viloyat hokimi Xayrulla Bozorov va Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ushbu masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali, viloyatdagi barcha tuman (shahar)larning Sportni rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimlari, sport ta’limi muassasalari direktorlari hamda o‘rinbosarlari davlatimiz rahbari tomonidan soha rivojini yangi darajaga olib chiqish borasida ilgari surgan masalalarni muhokama qilishdi.
Iqtidorli yoshlarni saralash tizimi, avvalo mahalladan boshlanishi, mahallalarda o‘tkaziladigan sport musobaqalari Olimpiada o‘yinlari va Jahon chempionatlari uchun poydevor vazifasini o‘tab berishi, umuman sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazishdagi yangi tizim shaffoflik va adolatga asoslanishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, viloyat hokimi Xayrulla Bozorov hokimliklar tomonidan mahalliy byudjetdan jismoniy tarbiya va sportga ajratiladigan mablag‘lar borasida muammo bo‘lishi mumkin emasligini aytib o‘tdi.
Hududlarda o‘tkazilayotgan «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi ommaviy sport tadbirlarini aholining keng qatlamini qamrab olgan holda tashkil etish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash borasida kerakli ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA